Tashrif davomida Yekaterinburg shahridagi yirik “Uyutt xoll” savdo markazida Samarqand viloyatidagi yirik gilam ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “SAG” masʼuliyati cheklangan jamiyati Savdo uyining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda Sverdlovsk viloyati hukumat vakillari, Yekaterinburg shahri rasmiylari, tadbirkorlar va diplomatik korpus vakillari qatnashdi.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov tadbirdagi nutqida Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari soʻnggi yillarda har tomonlama rivojlanib borayotganini taʼkidladi.
Tantanali tadbir mehmonlari “SAG” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan gilam mahsulotlari turi va sifatini yuqori baholadilar.
Tashrif davomida Samarqand viloyati va Sverdlovsk viloyati ishbilarmon doira vakillari oʻrtasida B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi. Muzokaralar natijasida ikki tomonlama savdo-sotiqni rivojlantirishga qaratilgan bir qator aniq kelishuvlarga erishildi.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Sverdlovsk viloyati gubernatori oʻrinbosari Vasiliy Kozlov bilan alohida uchrashuv oʻtkazdi. Unda tomonlar Samarqand va Sverdlovsk viloyatlari oʻrtasida turizm, professional texnik taʼlim, farmatsevtika va qurilish sohalarida hamkorlik aloqalarini jadallashtirish, hamkorlikda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish xususida fikr almashildi.