Ekohududlarda turistik soʻqmoqlar tashkil qilinadi

    Hukumatning778-son qarori bilan “Ekohududlarda turistik soʻqmoqlarni tashkil qilish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

    Nizom davlat qoʻriqxonalarining bufer zonalari, milliy tabiat bogʻlari, pitomnik, oʻrmon va oʻrmon-ov xoʻjaliklari, togʻli va choʻl hududlarida (ekohududlar) turistik soʻqmoqlarni tashkil qilish tartibini belgilaydi.

    Nizomga koʻra, balansda saqlovchi turistik soʻqmoqni tashkil qilish uchun tegishliligi boʻyicha Turizm qoʻmitasining hududiy boʻlinmasiga ariza bilan murojaat qiladi.

    Arizaga turistik soʻqmoq toʻgʻrisida maʼlumotnoma, xaritasi, foto va video tasvirlar ilova qilinadi.

    Ariza kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.

    Hududiy boʻlinma turistik soʻqmoqning belgilangan talablarga javob berishini joyiga chiqqan holda oʻrganib chiqib, natijasi boʻyicha 2 nusxada dalolatnoma tuzadi.

    Turizm qoʻmitasi hududiy boʻlinma tomonidan yuborilgan hujjatlarni 2 ish kuni ichida koʻrib chiqib, turistik soʻqmoqni Turistik soʻqmoqlarning yagona reyestriga kiritadi.

    Yagona reyestrga kiritilgan turistik soʻqmoqlar tashkil etilgan hisoblanadi.

    Balansda saqlovchi turistik soʻqmoq reyestrga kiritilgan kundan boshlab 1 oy ichida uning kirish nuqtasida pasporti va xaritasi hamda belgilangan axborot belgilarini oʻrnatadi.