Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi inspektorlari tomonidan Navoiy viloyatida reyd tadbirlari oʻtkazildi.

“Nursulton asad” MCHJ  tomonidan yollangan 70 nafar ishchi (boshqa mamlakat fuqarolari) Nurota shirkat xoʻjaligi choʻl hududida umumiy hisobda 280 ming tup kovrak atrofini ochib, kesishga tayyorlangani aniqlandi.

Shuningdek, “Oʻralboy ota” MCHJ tomonidan yollangan, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidan kelgan 20 nafar fuqaro 40 mingdan oshiq tup kovrak atrofini ochgan. Bu hatti-harakatlar noqonuniy ekanligi IIB vakillari ishtirokida tilga olingan MCHJ mutasaddilari va ishchilariga tushuntirilib, hududdan chiqarib yuborildi.

Xullas, Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan amalga oshirilgan reydlar davomida 320 ming tup kovrak saqlab qolindi.

Kovrakning Oʻzbekistonda 50 dan ziyod turi uchraydi. Uning yelim-smolasi xalq tabobatida tomir tortishi, oʻpka sili, oʻlat, zaxm, koʻk yoʻtal, tish ogʻrigʻi, asab va boshqa kasalliklarni davolash uchun, shuningdek, quvvat beruvchi, balgʻam koʻchiruvchi va gijja haydovchi malham sifatida qoʻllaniladi.

Sassiq kovrak soʻnggi yillarda yoʻqolib ketish xavfi vujudga kelganligi sababli 2019-yilda “Qizil kitob”ga kiritilgan.