Ekologik ekspertiza boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqildi

    Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Ekologik ekspertiza va atrof-muhitga taʼsirni baholash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokama qilindi.

    Bu haqda Oliy Majlis qonunchilik palatasi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, qonun loyihasi bilan ekologik ekspertiza faoliyatida qoʻllaniladigan yangi yoʻnalish – ekologik normativlar loyihalarini davlat ekologik ekspertizasidan, strategik rejalashtirish loyihalarini strategik ekologik baholashdan oʻtkazish masalalari aniq belgilanmoqda.

    Shu bilan birga, davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish tartibi, davlat ekologik ekspertiza obyektlari boʻyicha tegishli hujjatlar loyihalarini davlat ekologik ekspertizasi uchun taqdim etish, davlat va jamoat ekologik ekspertizasini oʻtkazishda tomonlarning huquq va majburiyatlari, shuningdek, jamoatchilik ekologik ekspertizasini hamda jamoatchilik eshituvini oʻtkazish tartibini belgilash boʻyicha alohida normalarni kiritish taklif etilmoqda.

    Shuningdek, qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida qonunchilik hujjatlari oʻrtasidagi tafovutlar bartaraf etilib, ekologik ekspertiza xulosasini berish tartib-taomillarini samarali va toʻgʻridan toʻgʻri tartibga soluvchi normalar amaliyotga kiritiladi. Eng muhimi, xalqaro talablarni joriy etish hisobiga, xorijiy investor va tadbirkorlar uchun ishonchli va tushunarli ekologik baholash tizimi taʼminlanadi.

    Ushbu qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.