“Ekologik muammolar: oʻzgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi va barqaror yechimlar topish”

    2024-yil 13-14-iyun kunlari mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan anʼanaviy xalqaro anjuman – Inson huquqlari boʻyicha IV Samarqand forumining navbatdagi mavzusi shunday nomlangan.

    Bu galgi Samarqand forumining asosiy maqsadi – iqlim oʻzgarishlarining inson huquqlariga taʼsiri bilan bogʻliq masalalarni keng koʻlamda va axborotlar tahlili negizida atroflicha muhokama qilishdir. Xalqaro anjuman ishtirokchilari ushbu sohada zarur bilimlar olish bilan bir qatorda, xalqaro hamjamiyat doirasida oʻzaro tajriba almashish va eng maqbul amaliyotlar bilan tanishish imkoniga ega boʻladi.

    Forumda asosiy eʼtibor iqlim oʻzgarishlarining inson huquqlariga koʻrsatadigan salbiy taʼsirini yumshatishga oid aniq tavsiya va yechimlar tayyorlashga qaratiladi.

    Forumning milliy tashkilotchilari – Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazidir.

    Xalqaro hamkorlarimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻzbekistondagi jamoasi hisoblanadi. Bu xalqaro sheriklarimiz safida, xususan, BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi, BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlimi, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi, shuningdek, Fridrix Ebert va Konrad Adenauer nomidagi fondlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari bor.

    Forumda 200 nafar mutaxassis qatnashishi rejalashtirilgan. Xususan, milliy va xorijiy ekspertlar, iqlim boʻyicha mutaxassislar, davlat tashkilotlarining iqlim oʻzgarishi muammolari bilan shugʻullanadigan masʼullari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy tadqiqot markazlari, kompaniyalar, ishbilarmon doiralar va xalqaro tashkilotlarning vakillari taklif etilgan.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.