Ekologiya sohasiga oid qonunlar muhokama etildi

    Joriy yil 9-yanvarda Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.

    Senatorlar «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog» faxriy unvonini ta'sis etish to‘g‘risida»gi Qonunni muhokama qildi.

    Mazkur faxriy unvon mamlakatimizda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasini rivojlantirish, tabiatni asrab-avaylash, bioxilmaxillikni saqlash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash borasida salmoqli natijalarga erishgan fuqarolarga berilishi maqsad qilingan.

    Shuningdek, ushbu unvon ekologik jihatdan toza va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish, yashil hududlarni kengaytirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus ko‘rsatgan, aholining ekologik madaniyatini oshirish, yosh avlodni tabiatga hurmat ruhida tarbiyalash hamda tizimda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash borasida fidokorona mehnat qilayotgan mutaxassis-xodimlar va soha vakillari, ekofaollarga berilishi ko‘zda tutilgan.

    Bundan tashqari, majlisda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ham muhokama etildi.

    Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik va Uy-joy kodekslariga, «Raqobat to‘g‘risida»gi va «Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi qonunlarga qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lgan iste’molchilar qisqa xabar (SMS) orqali xabardor qilinganidan keyin mazkur qarzdorlik bartaraf etilguniga qadar ulardan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni vaqtinchalik cheklashga qaratilgan huquqiy normalar belgilanishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilyapti.

    Qonunda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun to‘lovlarni hisob-kitob qilishning ishonchliligi hamda to‘g‘riligi uchun javobgar bo‘lishi belgilanyapti.

    Uy-joy kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartirishga ko‘ra, endi majburiy to‘lovlar uch oydan ortiq to‘lanmagan taqdirda davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilariga qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish ham to‘xtatib turilmaydi.

    Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilariga kommunal xizmatlar ko‘rsatish majburiy to‘lovlar uch oydan ortiq to‘lanmagan taqdirda to‘xtatib turilishidan qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash hamda olib chiqish xizmatlari mustasno ekanligi nazarda tutilgan.

    Bundan tashqari, Qo‘mita tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining Agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari a’zolari uchun o‘quv seminari o‘tkazildi.

    Seminarda doimiy komissiyalarning ish faoliyatini samarali tashkil etish, ularning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha aniq rejalarni belgilash, vakolatlari doirasida muhim masalalarni muhokama qilish va aniq natijalarga erishish bo‘yicha tajriba almashildi.

    Ta’kidlanganidek, Qo‘mita tomonidan mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari a'zolarining soha bo‘yicha qonunchilikdagi yangiliklar, o‘zgarishlar yuzasidan bilim va ko‘nikmalarini oshirib borish, sohaga oid qonunlarni ko‘rib chiqishda ularning fikrini olish zarurligi aytib o‘tildi.

    Shuningdek, qishloq xo‘jaligini isloh qilish va rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish, atrof muhitni asrab-avaylash, yuzaga kelayotgan muammolar va ularni o‘z vaqtida hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kabi vazifalar belgilab olindi.

    Seminarda doimiy komissiya a’zolari muhokama etilgan masalalar bo‘yicha o‘z fikrlari va takliflarini bildirdi.

    Majlis yakunida Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.