Ekologiya va bioxilma-xillikni saqlash Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikning muhim yoʻnalishidir

    Yashil sayyora 18 Noyabr 2022 1356

    Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” Vazirlar uchrashuvidagi nutqida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash muhimligiga eʼtibor qaratdi.

    Mamlakatimizda ekologiya va bioxilma-xillikni saqlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar, jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi, 2030-yilgacha boʻlgan davrda “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi, 2030-yilgacha qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirish dasturlari doirasidagi chora-tadbirlar haqidagi maʼlumotlar havola etildi.

    Tadbir ishtirokchilarining eʼtibori Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish boʻyicha koʻrilayotgan saʼy-harakatlarga ham qaratildi. Ekologik falokat oqibatlarini bartaraf etish va Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishni talab etadi. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Yevropa Ittifoqining Orolboʻyi mintaqasi uchun BMTning inson xavfsizligi boʻyicha koʻp sheriklik trast fondi faoliyatiga qoʻshgan hissasini qayd etdi.

    V.Norov Yevropa ittifoqini joriy yil iyul oyida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvida qabul qilingan “Markaziy Osiyo uchun yashil kun tartibi” dasturini amalga oshirishda faol ishtirok etishga chorladi. Xususan, ekoinnovatsiyalar, energiya tejamkor va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, Yevropaning Smart-AKIS tarmogʻi yordamida “aqlli” qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari salohiyatini oshirish oʻzaro hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari sifatida qayd etildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

    Delegatsiyalar BMT Bosh Assambleyasining “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida” maxsus rezolyutsiyasi ijrosi doirasida kelasi yili Nukus shahrida BMT bilan birgalikda oʻtkaziladigan birinchi Orolboʻyi xalqaro forumiga taklif qilindilar.