Ekostiker olish avtomobilning ishlab chiqarilgan yiliga bogʻliq emas

    Masʼul mutaxassislar ekostiker berish tartibini bosqichma-bosqich tushuntirib, real avtomobil misolida uning bepul va tezkor amalga oshirilishini koʻrsatib berishdi.

    Toshkent shahridagi “Fayzabod” transport vositalari diagnostika markazida oʻtkazilgan press-turda “Ekologik transport” tizimining amaliy ishlash jarayoni namoyish etildi. Masʼul mutaxassislar ekostiker berish tartibini bosqichma-bosqich tushuntirib, real avtomobil misolida uning bepul va tezkor amalga oshirilishini koʻrsatib berishdi.

    Atmosfera havosini muhofaza qilish, aholi salomatligini asrash va transport vositalarining atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida Oʻzbekistonda “Ekologik transport” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

    Joriy yilning 19-dekabr kuni Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga qarashli Toshkent shahri Mirobod tumanida joylashgan Fayzabod transport vositalari diagnostika tekshiruvi markazida matbuot va jamoatchilik vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

    Mazkur tadbir Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-noyabrdagi 750-son qarori bilan joriy etilishi belgilangan “Ekologik transport” tizimining mazmun-mohiyati, amaliy ishlash tartibi hamda fuqarolar uchun yaratilayotgan qulayliklarni joyida koʻrsatish maqsadida oʻtkazildi.

    Press-tur davomida masʼul mutaxassislar tomonidan ekostiker berish jarayoni nazariy va amaliy jihatdan bosqichma-bosqich tushuntirildi. Jurnalistlar va blogerlarga diagnostika tekshiruvi qanday oʻtkazilishi, ekologik toifa qanday aniqlanishi va ekostiker qanday berilishi amalda koʻrsatib berildi.

    Xususan, tadbir doirasida 1996-yilda ishlab chiqarilgan avtomobil diagnostika tekshiruvidan oʻtkazilib, unga “yashil” ekologik ekostiker berildi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ekostiker berish transport vositasining ishlab chiqarilgan yiliga bogʻliq emas. Asosiy mezon — avtomobilning ekologik sinfi (“Yevro” standarti) va uning texnik holatining amaldagi ekologik talablarga mosligi hisoblanadi.

    Shu bilan birga, masʼullar 1986-yil 1-oktyabrgacha ishlab chiqarilgan avtomobillar “yashil” ekologik toifaga kiritilmasligini alohida qayd etishdi.

    Mutaxassislar ekostiker olish jarayoni hech qanday mablagʻ talab qilmasligi, barcha xizmatlar bepul ekanini hamda butun jarayon oʻrtacha 2 daqiqa ichida amalga oshirilishini amalda namoyish etib berishdi.

    Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoyir Yoʻldoshevning taʼkidlashicha:

    “Avtotransport vositalaridan chiqadigan zararli gazlar atmosfera havosiga, qolaversa inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shuning uchun 2026-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekistonda ekologik ekostikerlar tizimi toʻliq joriy etiladi. Ekostikerlar transport vositalariga birinchi marta diagnostik tekshiruvdan oʻtkazish va ekologik stiker berish alohida toʻlov undirilmasdan Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boʻlinmalarida Ichki ishlar vazirligining «Innovatsiya loyihalari va aholiga servis xizmatlari koʻrsatish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.

    Elektromobillar, shuningdek, mototsikl, moped, skuter kabi transport vositalari uchun ekostiker talab etilmaydi.»

    Gibrid avtomobillar, muqobil yoqilgʻi turlarida (siqilgan va suyultirilgan gaz bundan mustasno) harakatlanuvchi transport vositalari hamda ishlab chiqarilganiga uch yildan oshmagan transport vositalari — “toza” ekologik toifaga ajratiladi.

    Davlat ekologik ekspertiza markazi bosh direktori maslahatchisi Islom Xushvaqtov esa mazkur qaror orqali ikki muhim mexanizm joriy etilayotganini taʼkidladi:

    “Birinchi mexanizm — transport vositalarini ekologik toifalarga ajratish va ekostiker berish tartibi. Ikkinchisi — shaharlarda ekologik zonalarni belgilash. Fuqarolar sariq yoki qizil ekostiker olgan taqdirda, transport vositasini qayta diagnostikadan oʻtkazib, ekologik toifasini yaxshilash huquqiga ega.”

    Mazkur tadbirda maʼlum qilinishicha, ekologik zonalar shaharlarning havosi eng koʻp ifloslangan hududlarida joriy etiladi. Ularning chegaralari xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan Ekologiya qoʻmitasi taklifi asosida belgilanadi.

    Sariq va qizil ekostikerga ega transport vositalari belgilangan ekologik zonalarda harakatlanishi mumkin boʻlgan hududlar doirasida cheklanishi mumkin. Bu jarayonlar boʻyicha nazorat mexanizmlari bosqichma-bosqich ishlab chiqilayotgani ham taʼkidlandi.

    Mutaxassislar qayd etishicha, mamlakatimizda atmosfera havosining ifloslanishi nafas yoʻllari va allergik kasalliklar koʻpayishiga olib kelmoqda. Shu bois “Ekologik transport” tizimi nafaqat ekologik, balki ijtimoiy ahamiyatga am ega.

    “Ekologik transport” tizimi:

    • 2025–2027-yillarda — Toshkent shahrida,
    • 2028–2030-yillarda — Nukus shahri va viloyat markazlarida,
    • 2031–2034-yillarda — mamlakatning barcha hududlarida joriy etilishi rejalashtirilgan.

    Fayzabod diagnostika markazida oʻtkazilgan mazkur press-tur “Ekologik transport” tizimining amalda qanday ishlayotganini jamoatchilikka ochiq va aniq koʻrsatib berdi. Ekostikerlashtirish orqali transport vositalarining atrof-muhitga taʼsirini nazorat qilish, shaharlar havosini tozalash va aholi salomatligini muhofaza qilish yoʻlida muhim qadam qoʻyilmoqda.

    Zulxumor AKBAROVA