Ekovelomarafonchilar Xivaga yetib borishdi

    Yashil sayyora 2 Iyun 2021 1665

    Xabaringiz bor, mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan “Moʻynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni davom etmoqda.

    21-may kuni Andijon viloyatining Xonobod shahridan start olgan tadbirda ekovelomarafonchilar qariyb 15 kun davomida yurtimizning Andijon, Fargʻona, Namangan, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahridan oʻtib, Sirdaryo, Jizzax, Samarqandda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatidan yoʻlga chiqqan safdoshlari bilan uchrashdi. Shundan “Moʻynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni ishtirokchilari Navoiy, Buxoro viloyatlarini bosib oʻtdi hamda Xorazm viloyatiga yetib bordi.

    Xiva shahridagi “Ota darvoza” majmuasida ishtirokchilar viloyat hokimligi va keng jamoatchilik tomonidan karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi.

    Tantanali marosimda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi N.Oblomurodov ekologik xayriya velomarafonning oʻtkazilishidan asosiy maqsad Orolboʻyi hududida yashayotgan aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga koʻmaklashish maqsadida tashkil etilganini undan tushgan mablagʻlar Moʻynoq tumanidagi “Aliovul” ovulini obod qilish, sugʻorish-irrigatsiya tizimlarini yaxshilash, toza ichimlik suvi tarmogʻini tortish, ish oʻrinlari yaratish va aholining boshqa muammolarini hal etish boʻyicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilishi taʼkidladi.

    Tantanali marosimida yangragan kuy va qoʻshiqlar yigʻilganlarga yana-da koʻtarinki kayfiyat ulashdi.