Eksponatlarning bir qismi soxta ekan

    “Ichan-Qal'a” muzeyidagi qing'irliklar aniqlandi

    O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Madaniy merosni himoya qilish inspektsiyasi hamda Madaniy meros agentligi “Ichan-Qal'a” davlat muzey-qo'riqxonasida o'rganish ishlarini olib bordi. Bu haqida agentlik axborot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, o'rganish davomida bir qator kamchilik va muammolar aniqlangan. Xususan, ayrim ashyolarning tavsiflariga o'zgartirishlar kiritilganligi yuzasidan asoslovchi hujjatlar mavjud emas, deb topilgan.

    “O'rganish davomida noyob ashyolar ro'yxatiga kiritilgan ashyolar xatlovdan o'tkazildi. Unga ko'ra, jami 101 ta muzey ashyolari kirim kitobi tavsifnomalariga o'lchami, materiali, ishlanish uslubi va yaratilgan davri bo'yicha mos kelmasligi aniqlandi.

    Madaniy merosni himoya qilish inspektsiyasi tomonidan o'rganish yakunlari bo'yicha tegishli xat-hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan”, deyiladi xabarda.