Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida viloyatdagi 750 ta eksportyor korxonalar tomonidan 150 turdan ortiq, qariyb 600 mln. dollarlik sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari dunyoning 67 ta mamlakatlariga eksport qilindi.
Oʻtgan yilda Gonduras, Kipr, Slovakiya va Tailand mamlakatlari bilan savdo-sotiq aloqalari yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, endilikda Filippin, Jazoir, Shvetsiya, Vengriya, Bahrayn kabi yangi tashqi bozorlarga ham “Fargʻona tarmgʻasi” ostida sarxil mahsulotlar eksporti yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv boʻyicha maxsus preferensiyalar tizimining (GSP+) Oʻzbekiston uchun kuchga kirishi natijasida Italiya, Germaniya, Shveysariya, Portugaliya, Polsha, Ispaniya, Latviya va Litva kabi Yevropa mintaqasidagi muqobil bozorlarga ham mahsulotlar eksport qilish yoʻlga qoʻyilmoqda.
Dunyo bozorida viloyatidagi sanoat va qishloq xoʻjaligi korxonalarida ishlab chiqarilayotgan ekologik toza qogʻoz, zargarlik buyumlari, katta oʻlchamdagi keramik plitalar, sunʼiy tola, fudtrak, avtomobil ehtiyot qismlari, isitish qozonlari kabi yangi turdagi mahsulotlarga boʻlgan talab ortib borayotgani kuzatilmoqda.
Rasuljon Kamolov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.