Endilikda eksport operatsiyalari boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) summasi oʻrnini qoplash osonlashadi. Bu haqda biznes-ombudsman xabar qildi.
Soliq toʻlovchilardan tovarlarning eksport qilinganini tasdiqlovchi bojxona hujjatlarini soliq organlariga taqdim etish talab qilinmaydi.
Bojxona organlari tomonidan elektron tarzda taqdim etilgan maʼlumotlar eksportni tasdiqlash uchun yetarli hisoblanadi.
Ushbu yangi tartib joriy farmon kuchga kirgunga qadar boʻlgan davrdagi QQS qoplash uchun berilgan arizalarga ham tatbiq etiladi.
Import qilinadigan asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi qismlarni yetkazib berish muddati 180 kundan ortiq boʻlgan kontraktlar boʻyicha aktivlarni repatriatsiya qilish muddati sifatida kontraktda koʻrsatilgan yetkazib berish muddati tan olinadi.