Unda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlarining rahbarlari ishtirok etdi.
Tarmoqlar va hududlar kesimida tashqi savdo faoliyatining hozirgi holati tahlil qilindi. Vazirlik va idoralar masʼul rahbarlarining eksport salohiyatini yuksaltirish, eksport faoliyatini ragʻbatlantirish va eksportchi tadbirkorlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Korxonalarga oldin toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summalarini qaytarish, eksportga yetkazib berishni amalga oshirish, debitorlik qarzlarni undirish, aylanma mablagʻlarga boʻlgan ehtiyojni taʼminlash, xorijiy mijozlarni topish, infratuzilmaviy kommunikatsiyalarga uzluksiz ulanish va boshqa masalalarni hal etishda amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha oʻzaro kelishilgan choralar koʻrish muhimligi qayd etildi.
Vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlariga foydalanilmayotgan resurs va imkoniyatlarni safarbar etish hamda eksport hajmlarini keskin darajada oshirish uchun eksportchilar bilan bevosita ishlashni faollashtirish topshirildi.
Muhokama yakunida mutasaddilarga koʻrib chiqilgan masalalar doirasida qoʻshimcha koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.









