Eksport yuklarini va ularni tashishlarni sugʻurta qilish tartibi belgilandi

    Mamlakatimizda 13 Avgust 2020 786

    Hukumat qarori (477-son, 12.08.2020-y.) bilan “Kapital, tovar va xizmatlar (ishlar) eksporti hamda eksportni qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq faoliyatni sugʻurta qilish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

    Nizomga koʻra, eksport yuklarini va ularni tashishlarni sugʻurta qilish tijorat tashkilotlari boʻlgan va tegishli turdagi sugʻurtalashni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

    Sugʻurta qildiruvchi kim ekanligidan (eksport qiluvchi yoki moliyalovchi) kelib chiqib sugʻurta shartnomasining bir necha turi farqlanadi.

    Sugʻurta shartnomalarini tuzishda quyidagilar taqiqlanadi:
    • siyosiy tavakkalchiliklar boʻyicha shartsiz franshiza (zararning sugʻurta bilan qoplanmaydigan qismi) oʻrnatilishi;
    • tijorat tavakkalchiliklari boʻyicha shartsiz franshiza miqdori – sugʻurta pulining 50 foizidan ortiq boʻlishi;
    • logistika tavakkalchiliklari boʻyicha shartsiz franshiza miqdori – sugʻurta pulining 5 foizidan ortiq boʻlishi;
    • siyosiy tavakkalchiliklar boʻyicha kutish davri – 180 kalendar kundan ortiq boʻlishi;
    • tijorat tavakkalchiliklari boʻyicha kutish davri – 90 kalendar kundan ortiq boʻlishi;
    • logistika tavakkalchiliklari boʻyicha kutish davri – 30 kalendar kundan ortiq boʻlishi.

    Sugʻurta qildiruvchi arizalar va hujjatlarni sugʻurtalovchiga bevosita, pochta orqali yoki elektron shaklda taqdim etishlari mumkin.

    Sugʻurtalovchi sugʻurta qildiruvchi tomonidan zarur hujjatlar taqdim etilgandan boshlab 24 soat ichida tegishli sugʻurta shartnomasini tayyorlaydi va uning imzolanishini taʼminlaydi.

    Sugʻurta tovoni sugʻurta hodisasi va zarar miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar olingan kundan boshlab 15 kalendar kunidan kechiktirmasdan toʻlanishi shart.