Davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati, 30 ga yaqin ixtisoslashgan vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, shuningdek, investitsiyalar va tashqi savdo boʻyicha viloyatlar hokimlari oʻrinbosarlari bir qator tadbirkorlar kabi videokonferensiya orqali qatnashdi.
Ochiq muloqot shaklida kechgan anjuman chogʻida eksport faoliyatini samarali ragʻbatlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekani, shu jihatdan xususiy biznes vakillari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot ushbu sohaning hozirgi holatini oʻrganish va uni takomillashtirish boʻyicha istiqbolli takliflarni ishlab chiqish uchun eng samarali vosita sifatida qaralayotgani taʼkidlandi.
Davra suhbati davomida eksportchi tadbirkorlar ishlab chiqarish va eksport faoliyati jarayonida duch kelinayotgan dolzarb masalalarni bildirib, ishbilarmonlik muhiti va eksport operatsiyalarini yana-da takomillashtirish boʻyicha konstruktiv takliflarini ilgari surish imkoniga ega boʻldilar.
Shuningdek, yechimi eksport salohiyati va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning oʻsishiga yordam beradigan mavjud tizimli muammolar atroflicha muhokama etildi. Eksportni qoʻllab-quvvatlash milliy tizimini takomillashtirish va eksport faoliyatini amalga oshiradigan yoki amalga oshirmoqchi boʻlgan barcha tadbirkorlik subyektlarini uning xizmatlari bilan toʻliq qamrab olishni taʼminlashning muhimligi qayd etildi.
Mavjud boʻlgan ishlab chiqarishni kengaytirish, toʻliq qiymat zanjirlarini yaratish, savdoning yangi yoʻnalishlarini oʻzlashtirish va yangi istiqbolli xorijiy bozorlarga chiqish orqali eksport hajmini oshirish uchun qoʻshimcha zaxiralarni aniqlash va ulardan foydalanishga yoʻnaltirilgan tadbirkorlar bilan manzilli ishlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi. Shu nuqtayi nazardan, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar bilan muntazam ravishda joylarga borib, muayyan korxonalar kesimida ahvolni oʻrganish orqali doimiy hamda bevosita muloqotni qoʻllab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi.
Oʻz navbatida, vazirlik va idoralar vakillari eksportchilar uchun mavjud boʻlgan imtiyozlar va preferensiyalar, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning amaldagi mexanizmlari, jumladan, eksportoldi moliyalashtirish vositalari, transport xarajatlarini qoplash, tijorat banklari kreditlari boʻyicha kafolatlar berish va eksport shartnomalarini sugʻurtalash, milliy mahsulot hamda brendlarni tashqi bozorga chiqarish imkoniyatlari toʻgʻrisida, xorijiy mijozlarni topishda, muzokaralar jarayonida va zarur xalqaro sertifikatlarni olish tartiblarida amaliy koʻmak koʻrsatish toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdilar.
Bundan tashqari, “B2G” shaklida savol va javoblar sessiyasi tashkil etildi, uning doirasida eksportchi tadbirkorlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga aniq javoblar olishga va tegishli davlat tuzilmalari va tashkilotlari vakillari bilan shaxsan maslahatlashish imkoniga ega boʻldilar.
Davra suhbati yakuniga koʻra, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Eksportni ragʻbatlantirish agentligiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda aytib oʻtilgan takliflar asosida amaldagi eksportchilar hamda oʻz mahsulotlarini chet elga eksport qilishni istagan tadbirkorlar uchun yangi qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini, shuningdek, mahalliy mahsulotlar eksporti hajmini oshirish maqsadida qoʻshimcha zaxiralardan foydalanish boʻyicha aniq algoritmlarni ishlab chiqish topshirildi.
Eksportchi tadbirkorlar bilan doimiy muloqot oʻrnatish maqsadida bunday tadbirlarni muntazam ravishda oʻtkazish amaliyotini davom ettirishga qaror qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.