баннер
2 Mar 2025
15:34

    Eksportchilarga aylanma mablagʻ bilan yordam berish maqsadida 100 million dollar ajratiladi

    Shu bilan birga, savdo uylarini ochish, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, koʻrgazmalarda ishtirok etish, xorijda oʻtkaziladigan treninglar va seminarlarda qatnashish uchun moliyaviy yordam koʻrsatiladi.

    Bu haqda bugun AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov maʼlum qildi.

    Unda taʼkidlanganidek, uyushma qurilish materiallari ishlab chiqarish va eksportni oshirish uchun tadbirkorlarga yordam koʻrsatmoqda. Tadbirlar orqali tadbirkorlarga xalqaro standartlarga mos sertifikatlashtirish tizimlarini joriy qilish, sugʻurta xarajatlarini qoplash, xorijiy organlarda milliy mahsulotlarni roʻyxatdan oʻtkazish imkoniyatlari taqdim etilmoqda.

    Mahalliy mahsulotlarning raqamli reklamasi xorijiy internet platformalarida, ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishiga yordam beriladi. Tadbirkorlar uchun mahsulotlar namunalarini xorijiy xaridorlarga yuborish va Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi vakolatxonalari orqali yordam olish imkoni ham mavjud. Bundan tashqari, nufuzli xalqaro brendlarni jalb qilish va ular bilan hamkorlik qilish xarajatlari qoplanadi.

    Jamshid Shermetovning soʻziga koʻra, tadbirkorlar uchun alohida Faktoring tashkiloti ochilib, 100 million dollar ajratilishi va korxonalarning xalqaro sertifikat talablariga moslashish uchun 20 ming dollargacha xarajatlar qoplanishi nazarda tutilgan. Laboratoriya jihozlarini bojxona bojlaridan ozod qilish va xalqaro marketpleyslarda mahalliy mahsulotlarni ilgari surish uchun 2 million dollar yoʻnaltiriladi.

    Maʼlumot oʻrnida, 2024-yilda qurilish materiallari ishlab chiqarish boʻyicha 40 trillion soʻmlik mahsulot tayyorlandi. Sohaning mamlakat sanoatidagi ulushi 4,8 foizni tashkil etdi. Oʻtgan yilda 2,2 milliard dollar investitsiya olindi, shundan 1,4 milliard dollari xorijiy investitsiya va kreditlarga toʻgʻri keldi. Eksport hajmi esa 840 million dollarni tashkil etdi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 3,5 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi va reja 104,5 foizga bajarildi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech