Eksportning oshishi iqtisodiy oʻsishga qanday taʼsir qiladi?

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari eksportning oshishi iqtisodiy oʻsishga qanday taʼsir qilishini tadqiq etdi.

    Tadqiqot Izmir shartnomasi mamlakatlari doirasida amalga oshirildi va unda birlamchi eksport tovarlari (neft va tabiiy gazdan tashqari) Eron, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Pokiston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va Oʻzbekistondagi iqtisodiy oʻsishga qanday taʼsir koʻrsatishi oʻrganib chiqildi.

    Maʼlumot uchun: Izmir shartnomasi Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar tomonidan, xalqlar oʻrtasidagi chuqur tarixiy va madaniy aloqalarni yanada yaxshilash, turmush darajasi va sifatini oshirish hamda mamlakatlararo savdo hajmini yanada kengaytirish maqsadida imzolangan.

    ELG (Export Led Growth) yondashuviga muvofiq, YAIMning real oʻsishi nafaqat mehnat va kapital miqdorining oʻsishiga, balki multiplikator effekti orqali eksportning oʻsishiga ham tayanadi. Eksportga yoʻnaltirilgan siyosat tufayli eksportning oʻsishi resurslarni samarali taqsimlash, potensialdan unumli foydalanish orqali bilvosita iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirishi mumkin (Awokuse, 2003; Pillay, 2011).

    Tadqiqot natijalari eksport hajmi iqtisodiy oʻsishga sezilarli va ijobiy taʼsir qiluvchi omil ekanligi va eksport hajmining 1 foizga ortishi qoʻshimcha 0,4 foiz iqtisodiy oʻsishga olib kelishini koʻrsatdi. Bunday holat ichki investitsiyalar, iqtisodiy erkinlik, ishchi kuchi va tashqi qarz koʻrsatkichlari taʼsirini olib tashlagan holda ham saqlanib qoladi.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti