Eksportoldi moliyalashtirish uchun kompensatsiya va kafilliklar taqdim etiladi

    Biznes 22 Oktabr 2020 1626

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksport faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni yana-da kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi.

    Qarorga muvofiq, 2022-yil 1-yanvarga qadar Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi eksport qiluvchilarga:

    eksportoldi moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablagʻlar uchun ajratiladigan kreditlar boʻyicha tijorat banki tomonidan belgilangan kredit foiz stavkasi va miqdoridan qatʼi nazar:

    milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 10 foiz banddan koʻp boʻlmagan miqdorda;

    chet el valyutasidagi kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 5 foiz banddan koʻp boʻlmagan miqdorda kompensatsiyalar taqdim etadi;

    tijorat banklarining eksportoldi moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablagʻlari uchun beriladigan kreditlari boʻyicha kredit summasining 50 foizigacha, biroq 8 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda kafillik beradi;

    ijobiy kredit tarixiga ega boʻlsa, avval olgan kreditlari boʻyicha qarzdorligi boʻlishidan qatʼi nazar, eksportoldi moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablagʻlar uchun qoʻshimcha olinadigan kreditlari boʻyicha yuqorida belgilangan miqdorlar va shartlarda kompensatsiya va (yoki) kafilliklar taqdim etadi;

    taqdim etiladigan kafilliklar boʻyicha komissiya toʻlovlarini 2 baravarga kamaytirilgan miqdorda undiradi.

    Qaror bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligiga qator qoʻshimcha vazifalar yuklatildi.
    Agentlikka yuklanayotgan qoʻshimcha vazifalarni amalga oshirish uchun uning huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etiladi.