“El-yurt umidi” jamgʻarmasi 2024-yilgi 1-ochiq stipendiya tanlovini eʼlon qiladi!

    Xorijiy davlatlar nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida bakalavriat, magistratura va doktoranturada taʼlim olish uchun 500 oʻringa moʻljallangan Jamgʻarmaning 2024-yilgi 1-ochiq stipendiya tanlovini eʼlon qiladi!

    Mamlakatimizning innovatsion salohiyatini yanada rivojlantirishni maqsad qilgan, kreativ fikrlaydigan yoshlar, isteʼdodli professor-oʻqituvchilar, yosh olimlar va ilmiy tadqiqotchilar, pedagoglar va iqtisodiyot tarmoqlari mutaxassislari diqqatiga!

    “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Vasiylik kengashining 2024-yil 21-iyundagi 2-son qarorga asosan xorijiy davlatlar nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida bakalavriat, magistratura va doktoranturada taʼlim olish uchun 500 oʻringa moʻljallangan Jamgʻarmaning 2024-yilgi 1-ochiq stipendiya tanlovini eʼlon qiladi!

    Mazkur stipendiya tanlovi uchun oʻrinlar ajratilishda bugungi kunda mamlakatimizda ancha tanqis hisoblagan mutaxassisliklar boʻyicha, jumladan iqtisodiyotning drayver sohalarga (energetika, qishloq va suv xoʻjaligi, transport, arxitektura-qurilish) STEM (ilm-fan, texnologiya, injeneriya va matematika) fanlariga va boshqa ustuvor mutaxassisliklarga alohida eʼtibor qaratildi.

    “El-yurt umidi” jamgʻarmasi 2024-yilgi 1-ochiq stipendiya tanlovida 500 oʻrin 2024-2025 oʻquv yilida xorijda taʼlim olish uchun eng nufuzli xorijiy davlatlarda:

    - bakalavriat taʼlim dasturi uchun 100 oʻrin,

    - magistratura taʼlim dasturi uchun 250 oʻrin,

    -doktorantura taʼlim dasturi uchun 150 oʻringa stipendiyalar ajratishini maʼlum qiladi.

    Agar Siz yuqori intellektual salohiyatga ega, zamonaviy va kreativ fikrlaydigan, mamlakat iqtisodiyoti va ilm-faniga innovatsion gʻoyalar va texnologiyalar olib kirish hamda uni raqamli asosda qayta shakllantirish asnosida rivojlantirishni oʻz oldingizga maqsad qilib qoʻygan boʻlsangiz – bu imkoniyat aynan Siz uchun!

    Stipendiya tanloviga nomzodlar hujjatlarini qabul qilish joriy yilning 25-iyunidan 25-iyuliga qadar, respublikaning barcha hududlari vakillari uchun yagona tartib va teng imkoniyat asosida, onlayn rejimda va elektron tarzda qabul qilinadi.

    Nomzodlar hujjatlarni topshirish jarayonida bugungi kunda amalda boʻlgan xorijiy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilinganligi yoki shartli qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi taklifnoma-xat (Letter of acceptance yoki Letter of conditional acceptance), nufuzli universitetlarda oʻqiyotgan nomzodlar xorijda taʼlim olayotganligini tasdiqlovchi maʼlumotnomalarni yuklashlari talab etiladi.

    Nomzodlar tomonidan tizimga yuklanadigan xorijiy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilinganligi yoki shartli qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi taklifnoma-xat (Letter of acceptance yoki Letter of conditional acceptance) yoki maʼlumotnomalarda taʼlim olishni boshlash davri va taʼlim oladigan mutaxassislik nomi aniq koʻrsatilishi lozim.

    Nomzodlar tomonidan nufuzli universitetlardan oʻqish xarajatlari boʻyicha grantlar (chegirmalar) mavjud boʻlgan taqdirda mazkur maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni yuklashlari shart.

    Bakalavriat dasturida ishtirok etadigan nomzodlar maktabni, litsey va kollejni tugatganligini tasdiqlovchi attestat va diplomlar bilan ishtirok etishlari talab etiladi.

    Mazkur tanlovdan “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali, xorijda taʼlim olishning boshqa xarajatlari meʼyorlari kabi, oʻqish xarajatlarining ham eng yuqori miqdori belgilanganligiga eʼtibor berishingizni soʻraymiz.

    Saralash tanlovi jarayonlarini oʻtkazish, jumladan nomzodlarning intellektual, tahlil qilish va ijodiy qobiliyatlari darajasini aniqlashga qaratilgan qoʻshimcha test sinovlari hamda nazariy bilim va amaliy koʻnikmalari darajasini aniqlashga qaratilgan davlat tilida suhbat oʻtkazish joriy yilning 25-iyuldan 24-avgustga qadar davom etadi.

    Tanlovga oid barcha maʼlumotlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasining www.eyuf.uz sayti orqali batafsil eʼlon qilib boriladi. Nomzodlar uchun barcha zarur maʼlumotlar Jamgʻarmaning Onlayn hujjat topshirish platformasida batafsil yoritib berilgan: http://admission.eyuf.uz.

    Qoʻshimcha savollarga javoblarni 998 71 203 00 47, 203 00 48, 203 00 51 telefon raqamlariga yoki info@eyuf.uz.elektron pochta manzili orqali olish mumkin.

    Bugungi kunda 535 nafar stipendiatlarimiz AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Ispaniya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlarning eng nufuzli taʼlim va tadqiqot, innovatsiya va amaliyot maskanlarida taʼlim olmoqdalar.

    Eʼtibor bering, (http://admission.eyuf.uz onlayn qabul platformasi 2024-yil 25-iyundan boshlab hujjatlarni qabul qilishni boshlaydi.