Elchixona xodimidan pul undirmoqchi boʻlgan firibgar qoʻlga olindi

    Oʻzini shifokor deb tanishtirgan ayol elchixona xodimining qizi yoʻl-transport hodisasida jarohat olgani, jarrohlik amaliyotini uchun zudlik bilan 20 ming AQSH dollari olib kelishi kerakligi soʻradi.

    Shu yilning 4-aprel kuni soat 16:15 da nomaʼlum ayol Pokistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi xavfsizlik postidagi “Qoʻriqlash” bosh boshqarmasining xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalarini qoʻriqlash boʻyicha alohida batalyoni telefon raqamiga qoʻngʻiroq qildi.

    Oʻzini shifokor deb tanishtirgan ayol qizi yoʻl-transport hodisasida jarohat olgani, jarrohlik amaliyotini oʻtkazish uchun zudlik bilan 20 ming AQSH dollari olib kelishi kerakligi soʻradi.

    Qoʻngʻiroqqa javob bergan “Qoʻriqlash” xizmati xodimi firibgarlar qoʻngʻiroq qilayotganini darhol anglab, ularni qoʻlga olish maqsadida “qizini qutqarish uchun” uchrashishga va pul berishga tayyorligini bildiradi. Ayol Pokiston elchixonasi yaqinida uchrashuv belgilaydi, lekin u pulni olib ketish uchun oʻrniga Ruslan ismli tanishini yubordi.

    Xavfsizlik postining rasmiy telefon raqamiga qoʻngʻiroq qilgan Ruslan jarohatlangan qizning otasini kutayotganini aytadi. Firibgar uchrashuv belgilangan joyda xodimlar tomonidan qoʻlga olinib, Yakkasaroy tumani ichki ishlar boʻlimiga olib borildi. Fuqaroning shaxsi tekshirilganda, u aslida Chilonzor tumanida yashovchi Samandar ismli 23 yoshli fuqaro ekani aniqlandi.

    Ayni paytda Toshkent shahar IIBB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Qayd etilishicha, surishtiruv davomida uning sherigi aniqlanadi, shuningdek, boshqa shu kabi jinoyatlarga aloqadorligi tekshiriladi.