Elchixonaning “Oltin daftar”iga kiritilgan vatandoshimiz Surxondaryo viloyatida investitsiya loyihasini amalga oshirmoqda

    Biznes 16 Dekabr 2021 1542

    Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi tomonidan “Oltin daftar”ga kiritilgan Janubiy Koreyada faoliyat koʻrsatadigan yurtdoshimiz Oʻktam Jumayev Surxondaryo viloyati Angor tumani Navroʻz mahallasida maishiy xizmat koʻrsatish maskani va savdo markazi qurgan edi. U bugungi kun talabidan kelib chiqib, mazkur binoda qayta taʼmirlash ishlarini boshlab yubordi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

    Mazkur savdo markazi 3 qavatdan iborat boʻlib, uning foydalanish maydoni 300 kvadrat metrni tashkil etadi. Birinchi qavatda tikuv sexi, qandolatchilik, ikkinchi qavatda oziq-ovqat va kiyim kechak hamda texnika asbob uskunalari doʻkonlari, shuningdek, uchinchi qavatda oʻquv markazi (koreys va ingliz tillari, testga tayyorlash va haydovchilik oʻquv kurslari) tashkil etiladi.

    Sarmoyador vatandoshimizning soʻzlariga koʻra, bu bino oʻzining zamonaviy arxitekturasi va koʻrinishi bilan tumanda ajralib turishi shuningdek, unda koʻrsatiladigan xizmatlar turlari rang-barangligi muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.

    Oʻktam Jumayev ushbu loyihasi uchun shu kunga qadar oilaviy sarmoyasidan 250 ming dollar miqdorida mablagʻ sarflagani va bundan buyon ham uni kengaytirish va xizmat turlarini koʻpaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholiga sifatli va namunali xizmat koʻrsatish harakatida ekanini bildirdi.

    Yurtdoshimiz bilan suhbatda u va uning oila aʼzolarida yana bir necha sarmoyaviy loyiha mavjudligi va ularni amalga oshirishda elchixona va Angor tumani hokimligi bilan hamkorlikda ish olib olib borishga tayyorligini maʼlum qildi.