SMTI va Qozog‘iston Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki davlat vazirlik, idoralari, ekspert-tahliliy doiralari rahbariyati va vakillari ishtirok etdi.
Unda O‘zbekiston Respublikai Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov nutq so‘zladi.
SMTI vakili so‘zlariga ko‘ra, ikki tomonlama munosabatda savdo-iqtisodiy hamkorlik eng muhim o‘rinni egallaydi. «Qozog‘iston bizning uch eng yirik hamkorimizdan biri. So‘nggi 7 yil ichida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ikki barobardan ortiq o‘sib, 2023-yil oxirida 4,4 milliard dollarga yetdi», – dedi Eldor Aripov.
Sarmoyaviy hamkorlik yuqori sur'atda namoyon bo‘lib kelyapti. 2017-yildan boshlab Qozog‘istondan O‘zbekistonga investitsiya hajmi 23 barobar oshdi – 2023-yildagi 10 million dollardan 230 million dollargacha. Yurtimizda ushbu davlat kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ko‘payibboryapti. 2016-yilga nisbatan bu miqdor besh barobar o‘sib, mingdan oshdi.
SMTI direktori fikricha, hamkorlikning mavjud ijobiy dinamikasini yanada mustahkamlash uchun «raqobatdosh ustunlikni saqlab qolish va oshirish barobarida yangi iqtisodiy imkoniyatga ega umumiy salohiyatni birlashtirishga tayanish kerak». Ikki tomon uchun ham teng foyda keltiradigan bu holat o‘zaro bog‘langan mintaqamizda eng muvaffaqiyatli strategiya sifatida namoyon bo‘ladi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.
Shu nuqtai nazardan Eldor Aripov bir necha masala bo‘yicha diqqatni jamlashga chaqirdi:
Avvalo, ittifoqchilik munosabati to‘g‘risidagi shartnomada belgilangan tamoyil asosida siyosiy ishonchni mustahkamlash, barcha darajadagi muntazam siyosiy muloqotni davom ettirish va yanada kengaytirish muhim.
Ko‘p tomonlama platforma doirasida yaqin hamkorlik, bir-birini qo‘llab-quvvatlash hamda tashabbuslarni birgalikda ilgari surish talab etilyapti. Ikki davlat ishtirokidagi yirik xalqaro tadbirlar oldidan o‘zaro maslahatlashuv va fikr yakdilligi juda muhim. Bu borada Ekspertlar kengashi beqiyos hissa qo‘shishi mumkin.
Ikkinchidan, iqtisodiyotlar bir-birini to‘ldirishi asosida sanoat va texnologik rivojlanishning umumiy makonini shakllantirish g‘oyalarini amalga oshirish dolzarb.
Buning uchun bizda barcha sharoit mavjud: chorvachilik sohasida juda ko‘p istiqbolli loyihalar, paxtani yetishtirish va qayta ishlash, issiqxona qurish, avtomobil, maishiy texnika ishlab chiqarish.
Bundan tashqari qo‘shma loyihalar amalga oshirish, davlat-xususiy sheriklik munosabatini yo‘lga qo‘yishda kichik va o‘rta biznesni faol jalb etish muhim.
Uchinchidan tovar, xizmat, ishchi kuchi va kapital harakati uchun «to‘siqsiz» muhit yaratish dolzarb hisoblanadi.
Buning foydasi aniq: iste’mol narxi pasayadi, ta’minot zanjiri qisqa masofaga ko‘chadi, bu bizni jahon bozoridagi turbulentlikdan himoya qiladi. Ikki davlat chegara hududlarini rivojlantirish bosh rejalarini bog‘lash bo‘yicha takliflarimiz bor. Ishonchim komilki, imkoniyatlarimiz bir-birini to‘ldirishi yo‘llarini aniqlasak, iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalari ochiladi», — deb fikrini bayon qildi Eldor Aripov.