Unga koʻra, Oʻzbekiston terma jamoasi Eron, Turkmaniston jamoalari bilan bir guruhdan joy oldi. Yana bir raqibimiz Gonkong va Butan oʻrtasidagi oʻyinlardan soʻng aniqlanadi.
Biz terma jamoamiz sardori va “Kalyari” klubi aʼzosi Eldor Shomurodov bilan bogʻlandik va guruh haqida soʻradik.
“Qurʼadan xabarim bor. Eron va Turkmaniston bilan oʻynashimiz aniq. Soʻnggi raqib Gonkong yoki Butan boʻladi. Nima deyish mumkin, guruhda birinchi oʻrinni olish uchun oʻynaymiz. Eron asosiy raqibimiz, ular bilan yaqindagina CAFA musobaqasida oʻynadik. Eron yutsa boʻladigan jamoa. Maqsadimiz guruhda birinchi oʻrin bilan keyingi bosqichga chiqish”, - dedi Eldor Shomurodov championat.asia saytiga.
Eslatib oʻtamiz, ushbu bosqichda har bir guruhdan ikkitadan jamoa keyingi bosqichga chiqadi. Oʻzbekiston terma jamoasi saralash bahslarini 16-noyabr kuni safarda Turkmanistonga qarshi bahs bilan boshlaydi. 21-noyabr kuni Toshkentga Eron terma jamoasi keladi.