Futbolchi soʻnggi yillarda xalqaro maydonda oʻzbek futboliga qiziqish yuqori ekanini taʼkidlab, Oʻzbekistonda sportga, xususan, futbolga boʻlgan munosabat haqida soʻz yuritgan.
“Bolaligimda terma jamoamiz JCHga chiqa olmaganida muxlislar xavotirga tushganini eslayman. Bugun vaziyat butunlay boshqacha. Prezidentimizning sportga eʼtibori, yaratilgan sharoitlar tufayli muxlislarning jamoamizga ishonchi ortdi. Futbolchilarimiz Yevropaning eng kuchli klublarida oʻynay boshlashdi”, deya fikr yuritgan hujumchi.
Eldor Shomurodovning soʻzlariga koʻra, JCH—2026 Oʻzbekiston uchun alohida ahamiyatga ega. Surxondaryo viloyati tarbiyalanuvchisi nafaqat milliy terma jamoaning yetakchi toʻpurariga, balki butun mintaqa futboli muvaffaqiyatining ramziga aylandi. Uning Rossiya, Italiya va Turkiyadagi muvaffaqiyatli faoliyati oʻzbek futbolchilarining jahon maydonlaridagi raqobatbardoshligini koʻrsatadi.
Oʻzbekiston JCH—2026da Portugaliya, Kolumbiya kabi grand jamoalar bilan birga “K” guruhidan joy oldi. Terma jamoa sardori jamoa raqiblardan qoʻrqmasligini va turnirdagi ishtirokini oʻzbek futbolining qudratini butun dunyoga namoyish etish imkoniyati sifatida koʻrishini taʼkidlagan.
«Vazifamiz — guruhdan chiqish. Biz mamlakat sharafini himoya qilib, Oʻzbekiston kuchli jamoa ekanini isbotlamoqchimiz. Kimdir bizni autsayder deb oʻylashi mumkin, ammo bizning maqsadimiz hammani hayratda qoldirish», dedi futbolchi.
Sardorning taʼkidlashicha, butun mintaqadan kelgan muxlislarning qoʻllab-quvvatlashi jamoaga qoʻshimcha masʼuliyat va oʻziga xos kayfiyat yuklaydi.
«Jahon chempionatidagi ishtirokimiz nafaqat oʻzbekistonlik muxlislarni, balki Markaziy Osiyo futbol muxlislarini ham xursand qilmoqda. Agar munosib oʻyin koʻrsatsak, oʻzbek futboli butun dunyo boʻylab yangi muxlislarni jalb qiladi», deya qoʻshimcha qildi u.
FIFAning qayd etishicha, Oʻzbekiston terma jamoasi dunyoning yetakchi klublaridan biri — “Real” safida toʻp surgan Krishtianu Ronaldu va Xames Rodriges kabi mashhur futbolchilar jamoalariga qarshi munosib kurasha oladi.
Ayni paytda Eldor Shomurodov Istanbulning “Bashakshehir” klubi sharafini himoya qilmoqda. U Turkiya chempionatida 17 ta oʻyinda 12 ta gol urib, toʻpurarlar poygasida peshqadamlik qilyapti. Abduqodir Husanov, Abbos Fayzullayev kabi yosh iqtidorlar bilan birga Shimoliy Amerika maydonlarida oʻzbek futbolining yangi sahifasini ochishga tayyor.