Nizom elektr energetikasi sohasidagi faoliyat turlarini litsenziyalash, litsenziya toʻlovlarini hisoblash va toʻlash, litsenziatlar faoliyatini nazorat qilish va ularning hisobini yuritish tartib-taomillari va shartlarini belgilaydi.
Nizom “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi Qonunida litsenziyalanishi belgilangan elektr energetikasi sohasidagi faoliyat turlariga (kichik turlariga) nisbatan tatbiq etiladi. Har bir litsenziya kichik turi uchun alohida litsenziya olinadi.
Nizom talablari quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
— yagona elektr energetikasi tizimiga ulanmagan holda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilarga;
— yagona elektr energetikasi tizimiga ulanmagan elektr energiyasini saqlash tizimlariga;
— quvvati 5 MVt dan kam boʻlgan elektr stansiyalardan elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilarga;
— oʻz ehtiyojlari uchun elektr energiyasini saqlashda ishlatiladigan elektr energiyasini saqlash uskunasidan foydalanuvchilarga.
Litsenziyalash Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tomonidan litsenziyalash va ruxsatnoma olish sohasida interaktiv xizmatlar koʻrsatish uchun “Litsenziya” AT orqali amalga oshiriladi.
Talabgor litsenziya olish uchun “Litsenziya” AT, davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali elektron shaklda belgilangan maʼlumotlarni koʻrsatgan va qoʻshimcha hujjatlarni ilova qilgan holda ariza toʻldiradi.