Elektr energiyasi eksporti jihatlari muhokama etildi

    Energetika 15 Noyabr 2023 970

    Joriy yil 14-noyabrda Bokuga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Oʻzbekiston, Ozarbayjon va Qozogʻiston tegishli vazirlarining elektr energiyasini ishlab chiqarish va eksport qilish masalalari boʻyicha uch tomonlama uchrashuvida ishtirok etdi.

    Uchrashuvda, shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov, Ozarbayjon Respublikasi Energetika vaziri Parviz Shahbazov, Qozogʻiston Respublikasi Energetika vaziri Almasadam Satkaliyev va Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamaxmudov qatnashdi.

    Suhbat chogʻida muqobil manbalardan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini mintaqa davlatlari hududlari orqali uchinchi davlat isteʼmolchilariga oʻtkazishni tashkil etish loyihasini amalga oshirish istiqbollari muhokama etildi.

    Yangi quvvatlar va ish oʻrinlarini yaratish kabi multiplikativ samarani nazarda tutgan holda, loyihaning amalga oshirilishi kabel yoʻnalishi boʻylab joylashgan mamlakatlarning energetika sohasidagi hamkorligi va infratuzilmalarini rivojlantirish uchun muhimligi qayd etildi.

    “Yashil” elektr energiyasini uzatish loyihasini hayotga tatbiq etish iqtisodiyotimiz va energetika tizimlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi, shuningdek, milliy energetika tarmoqlarini rivojlantirishga zamin yaratadi va biz ushbu tashabbusni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun birgalikdagi ishlarga hissa qoʻshishga tayyormiz”, — dedi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov.

    Shuningdek, Ozarbayjon va Qozogʻiston vakillari 2030-yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarishning umumiy hajmida qayta tiklanadigan energiya ulushini 40 foizga yetkazish doirasida yuqori texnologiyali tarmoqlar faoliyatini va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan ham tanishdilar.

    Uchrashuvda loyihani amalga oshirishning bir qator muhim jihatlari, jumladan, normativ-huquqiy bazani shakllantirishning asosiy shartlari, texnik-iqtisodiy samaradorligining konseptual parametrlari ham muhokama etildi.

    Muzokaralar yakunlari boʻyicha loyiha doirasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga sodiqlik bildirildi hamda kelgusida idoralararo hamkorlik formati ishlab chiqilib, erishilgan kelishuvlarni muvaffaqiyatli hayotga tatbiq etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar rejasi shakllantirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.