Elektr energiyasi hisobi inson omilisiz yuritilmoqda

    Mutaxassislarning taʼkidlashicha, yangi tizim hududlarda elektr energiyasidan oʻgʻrincha foydalanish holatlarini ham aniqlash imkonini beradi. Mazkur ehtimoliy qonunbuzarliklar haqidagi maʼlumotlar oʻrganish uchun masʼul boʻlimlarga yoʻnaltiriladi.

    Ayni kunlarda Samarqand shahri isteʼmolchilari yangi, “aqlli” elektr hisoblagichlardan foydalanishmoqda. Qayd etish kerakki, oʻtgan vaqt ichida 128 mingdan ortiq isteʼmolchining elektr hisoblagichi billing tizimiga ulandi. Yilning uchinchi choragi yakuniga qadar elektr energiyasi hisobi toʻliq shu tizimga oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Samarqand shahar elektr taʼminoti korxonasi qoshida mazkur jarayonni muvofiqlashtirish, hududlarda sarflanayotgan elektr energiyasini avtomatlashtirilgan shaklda hisobga olish va nazorat qilish maqsadida “Data Center” markazi ishga tushirilgan.

    – Markazimizda shahardagi barcha isteʼmolchilarning elektr hisoblagichlaridagi maʼlumotlar jamlanadi, - deydi “Data Center” boshligʻi Aziz Ahmedov. - Bizning vazifamiz ushbu maʼlumotlarni jamlab, uskunalar toʻgʻri ishlashini nazorat qilishdir. Qolgan barcha ishlar avtomatik ravishda, inson omilisiz amalga oshiriladi. Yaʼni, elektr energiyasidan qarzdorligi boʻlgan yoki oldindan toʻlov qilmagan isteʼmolchilarni tizimning oʻzi tarmoqdan ajratadi. Oldindan toʻlov qilingach u yana tarmoqqa ulanadi. Bu jarayonni korrupsiya holatlarini oldini olish, elektr energiyasi hisobini toʻgʻri yuritish yoʻlidagi muhim innovatsion loyiha, desak adashmagan boʻlamiz.

    Mutaxassislarning taʼkidlashicha, yangi tizim hududlarda elektr energiyasidan oʻgʻrincha foydalanish holatlarini ham aniqlash imkonini beradi. Mazkur ehtimoliy qonunbuzarliklar haqidagi maʼlumotlar oʻrganish uchun masʼul boʻlimlarga yoʻnaltiriladi.