Xususan, 16-17-sentyabr kunlari Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumani isteʼmolchilari oʻrtasida keskin muhokamalarga sabab boʻlayotgan holatlar Agentlik va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ masʼul xodimlari ishtirokida joyiga chiqib oʻrganildi.

Oʻrganishda va aholi bilan oʻtkazilgan suhbatlarda, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulangan isteʼmolchilar joriy yilning 16-sentyabr kuni elektr energiyasidan qarzdorlik uchun uzib qoʻyilganligi, tegishli toʻlovlar amalga oshirilgan boʻlishiga qaramay, abonentlarni tarmoqqa qayta ulash ishlari maʼlum muddatga kechikayotganligi maʼlum boʻldi.

TETK masʼul xodimlari tomonidan berilgan tezkor maʼlumotlarga koʻra, Mirzo Ulugʻbek tumanidagi elektr energiyasi maishiy isteʼmolchilarining 4 200 tasi qarzdorlik uchun 16-sentyabr kuni tarmoqdan avtomatik ravishda uzilgan, ulardan 3 600 ga yaqini 16-17-sentyabr kunlari amalga oshirilgan toʻlov evaziga tarmoqqa qayta ulangan va qolgan 600 ta abonentlarning tarmoqqa ulanishi taʼminlanmagan.

Xuddi shunday, Olmazor tumanida 3 100 ta abonent tarmoqdan uzilganligi va tegishli toʻlovni amalga oshirgan isteʼmolchilarni tarmoqqa qayta ulash choralari koʻrilayotganligi aniqlandi.

Soha mutasaddilari tomonidan berilgan dastlabki axborotlarga koʻra, dasturiy taʼminotda kuchlanish ortganligi va maʼlumotlar almashinuvida qisqa texnik nosozliklar yuzaga kelganligi sababli koʻp sonli abonentlar avtomatik ravishda qayta ulanmay qolgan.

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan maishiy shuni maʼlum qiladiki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarining:

126-bandiga asosan, elektr energiyasi isteʼmolchilari, shu jumladan:

- elektr energiyasi yetkazib berishning toʻxtalishi yoki toʻxtatib qoʻyilishi sabablari toʻgʻrisida belgilangan tartibda axborot olish;

- elektr energiyasi yetkazib berilishi toʻxtatilganda yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqlariga ega.

131-bandiga asosan, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari quyidagilarga majbur, shu jumladan:

  • uskunalarni, elektr uzatish liniyalarini, elektr energiyasini hisobga olish asboblarini ekspluatatsiya qilish, ularga xizmat koʻrsatish va uskunalarni taʼmirlash, shuningdek, oʻz elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarida nosozliklarni bartaraf etish;
  • elektr energiyasini elektr tarmoqlarining balans boʻyicha mansublik boʻlinish chegarasiga elektr taʼminoti shartnomasida koʻrsatilgan hajmda uzluksiz yetkazib berish;
  • isteʼmolchilarga elektr energiyasi yetkazib berishning toʻxtatib turilishi va buning sabablari toʻgʻrisida maʼlumot berish;
  • isteʼmolchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasini belgilangan tartibda hisobga olib borish.

Yuzaga kelgan muammolarni va aholining ovoragarchiligiga sabab boʻluvchi omillarni tezkor ravishda bartaraf etish choralarini koʻrish boʻyicha Agentlik tomonidan mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berildi. Bu borada mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda oʻrganish ishlari davom ettirilmoqda, deb xabar beradi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi matbuot xizmati.