Elektr energiyasini hisoblashning yangi tizimi joriy etiladi

    Energetika 2 Oktabr 2020 1331

    2020-yil 28-sentyabrda Hukumatning 594-sonli “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Qarorga muvofiq, “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasi doirasida:

    - elektron hisoblash nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi “ishlab chiqarish – podstansiya – taqsimlash punkti – transformator podstansiyasi – isteʼmolchi” prinsipida joriy qilinadi;

    - hisoblagichlar birinchi navbatda yirik isteʼmolchilar va tadbirkorlik subyektlarida oʻrnatiladi;

    - aholi yashash punktlarida barcha elektr energiyasi isteʼmolchilariga, taqsimlash punktlari va transformatorlarga hisoblagich va konsentratorlar bir vaqtning oʻzida oʻrnatiladi;

    - hisoblagichlarni oʻrnatish va joriy etilgan tizim imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha joylardagi barcha xodimlarning koʻnikma va malakasi oshiriladi.

    Loyiha doirasida 2020-yilning oktyabr oyida respublika boʻyicha jami 850 ming 204 ta 1 fazali va 88 ming 312 ta 3 fazali elektr energiyasi hisoblagichlari yetkazib beriladi.

    Qaror bilan viloyat va tumanlarda elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilishini nazorat qilish, natijadorligini oʻrganish boʻyicha maxsus komissiya tashkil etildi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.