Bir qator ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan xabarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani markaziy shifoxonasida rentgen uskunasining asosiy qismi 29-dekabrdan buyon ishlamayotgani haqida xabar tarqalgan.

Aniqlanishicha, Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam boʻlimi qabulxonasidagi rentgen uskunasi 2020-yil 29-dekabrdan buyon nosoz holatda. Elektr taʼminotidagi tez-tez uzilishlar sababli uskunaning dasturiy taʼminotida nosozliklar kuzatilgan. Uskuna ikki marta taʼmirlangan. Biroq yana yuqoridagi sabab bilan nosozlikni toʻliq bartaraf etish imkoni boʻlmagan. Uskunani yana taʼmirlash choralari koʻrilyapti.

Ayni paytda tibbiyot birlashmasi hududida joylashgan koʻp tarmoqli markaziy poliklinikadagi rentgen uskunasi doimiy ravishda ishlab turibdi, deb xabar beradi Qashqadaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.