Toshkent viloyati Monopoliyaga qarshi kurashish hududiy boshqarmasi tomonidan Olmaliq shahridagi 279-sonli elektr transformatorga ulangan isteʼmolchilarni oʻrnatilgan tartibda ogohlantirmasdan elektr taʼminotidan uzilishlarni amalga oshirish natijasida “Olmaliq shahar elektr taʼminoti” korxonasi rahbari Urazaliyev Anvarjon Haydaraliyevichga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 178-moddasiga asosan 16.11.2020-yil kuni maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, Olmaliq shahar maʼmuriy sudiga ish yurituvdagi hujjatlar yuborildi.
Shuningdek, joriy yilning 19-20-oktyabr kunlari “facebook” ijtimoiy tarmogʻida isteʼmolchilarning oʻrtasida keng muhokamaga sabab boʻlgan mavzu yaʼni, Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi aholi isteʼmolchilari elektr energiyasidagi mavjud qarzdorlik uchun uzib qoʻyilganligi, hamda abonentlar tomonidan tegishli toʻlovlar amalga oshirilib, korxonaga tarmoqqa qayta ulash boʻyicha berilgan buyurtma (ariza)lar mavjud boʻlishiga qaramay, isteʼmolchilarni elektr tarmogʻiga qayta ulash ishlari kechikayotganligi bildirilgan.
Yuqoridagi holat yuzasidan “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” AJga nisbatan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasi birinchi qismi talablari buzilganligi sababli 2020-yil 29-oktyabrda 11/02-I-sonli koʻrsatma berildi.
“Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” AJ korxonasi tomonidan koʻrsatmaning ijrosini taʼminlash toʻgʻrisidagi 517-sonli buyruq qabul qilingan boʻlib, unga asosan koʻrsatilgan qonun buzilish holatlari shahar va tuman elektr taʼminoti korxonalari rahbar hodimlari bilan atroflicha oʻrganib chiqilib, barcha rahbar xodimlar kelgusida qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida ogohlantirilgan.
Shunga qaramasdan, 20-noyabr kuni Toshkent tumanidagi qariyb 17 ming elektr energiya isteʼmolchisi tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi uchun toʻlovlar boʻyicha yuzaga kelgan qarzdorlik sababli, amaldagi tartib boʻyicha ASKUE tizimi avtomatik ravishda qarzdor isteʼmolchilarning taʼminotini toʻxtatgan. Oʻz navbatida, yuqoridaga holat joyiga chiqib oʻrganilganda isteʼmolchilar tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi uchun qarzdorlik toʻlangandan keyin ham avtomatik ravishda elektr tarmogʻiga qayta ulanmagan holatlar aniqlandi.
Ushbu holat joriy yilning 21,22-noyabr kunlari Qibray hamda Zangiota tumanlarida ham aniqlandi. Hozirgi kunda hududiy boshqarmaning 29.10.2020-yildagi 11/02-I-sonli koʻrsatmasini bajarmaganligi sababli, Toshkent, Zangiota, Qibray tumani elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlariga nisbatan maʼmuriy hujjatlarni rasmiylashtirib, tegishli tartibda koʻrib chiqish uchun maʼmuriy sudga yuborish choralari koʻrilmoqda.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Matbuot xizmati