Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Oʻtkazilgan tadbirda “R.D.” MChJ masʼul shaxslari va boshqalar “Sultonobod” MFY hududida joylashgan ushbu MChJga qarashli savdoni tashkil qilish uchun maydonlarini ijaraga berish faoliyatini amalga oshirish davomida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga oʻrnatilgan elektr energiyasini hisobga olish uskunasiga qasddan tashqi taʼsir koʻrsatib, jami 269 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlandi.
Shuningdek, Departamentning Jarqoʻrgʻon tuman boʻlimi, IIB va ETK xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda fuqaro J.P. “Oqtepa” mahallasidagi ekin yer maydonida elektr suv nasosni umumiy foydalanishdagi tarmoqqa ulab, jami 227,8 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.
Departamentning Rishton tumani va Margʻilon shahri boʻlimlari tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda esa “B-M.” fermer xoʻjaligi va “М.М.” xususiy korxonasi rahbarlari elektr hisoblagich koʻrsatkichlarini oʻzgartirish uchun tashqi taʼsir oʻtkazib, tijorat maqsadida 186,7 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlandi.
Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.