“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan hududlarga elektr energiyaning uzluksizligini ta'minlash maqsadida elektr uskunalari ortilgan yuk karvoni jo'natilmoqda. Kecha navbatdagi shunday katta karvon Sirdaryo viloyatiga ham yetib bordi.
Bu mamlakatimiz aholi va ulgurji iste'molchilarni sifatli elektr energiyasiga bo'lgan talabini qondirish borasidagi choralardan yana biridir.
— Bilamizki, elektr energiyasiga bo'lgan ehtiyoj o'tgan davrga nisbatan sezilarli darajada ortib bormoqda, — dedi “Sirdaryo HeTK” AJ direktori A. Xaydarov. – Bu aholi soni o'sishi va sanoat korxonalari rivojlanishi bilan birga, tadbirkorlikka yaratilayotgan keng imkoniyatlar, yangi qad ko'tarayotgan bino-inshootlarni bir maromda sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash borasida tizimli ishlar yo'lga qo'yilgani bilan bog'liqdir. Bugun viloyatimizga 9 ta turli xil quvvatdagi transformator podstantsiyalari, 13,1 km uzunlikdagi zamonaviy kabellar, 2 ta yamabur texnikasi va boshqa zarur elektr uskunalar ortilgan katta yuk mashinalar karvoni etib kelgani elektr energiya ta'minotini yanada yaxshilashga xizmat qiladi, albatta.
Bugungi kunda yurtimizda sharoiti og'ir bo'lgan 796 ta qishloq va shaharlarda 188 ta mahalla mavjud. 4 mingdan ziyod mahallaning esa elektr ta'minotini tubdan yaxshilash zarur. Bu esa, o'z navbatida, ayni hududlardagi elektr ta'minotini tubdan yaxshilash kerakligini ko'rsatmoqda.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan bu yil mamlakat bo'ylab 5 377 ta mahalladagi 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 4 mingdan ortiq transformatorlarni yangilash rejalari belgilangan bo'lib, bu ishlar O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod qishloq” va “Obod mahalla” Davlat dasturlarini amalga oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga asosan amalga oshiriladi.
Ta'kidlash joizki, Sirdaryo viloyatida joriy yil O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 23-noyabrdagi “2017-2021-yillar mobaynida past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, 2021-yilda viloyatimizning 148 ta mahallalari hududlarida 986,5 km uzunlikdagi elektr tarmoqlari va 263 dona transformator punktlarini rekonstruktsiya qilish va yangidan qurish rejalashtirilgan.
Ko'rilayotgan bunday chora-tadbirlar Sirdaryo viloyatida mavjud muammolarni bartaraf etishda muhim omildir.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati