Jahonda energiya resurslarini tejash masalasining dolzarbligi tobora ortib bormoqda.
Shu bois yurtimizda “yashil energetika”ni rivojlantirish va iqtisodiyotga energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy qilish boʻyicha katta marralar olingan.
Energiya taʼminotidagi defitsitni toʻliq qoplash maqsadida aprel oyida har bir tuman va shaharda oʻrganishlar oʻtkazildi. Shu asosda 4,5 milliard kub metr gaz va 7,5 milliard kilovatt soat elektrni iqtisod qilish boʻyicha tumanbay dasturlar qabul qilindi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, koʻp hudud va tarmoqlarda hali aytarli natija boʻlgani yoʻq, rahbarlari esa “soʻrov boʻlmayapti” deb, bu vazifalarni oʻz holiga tashlab qoʻygan.
Xususan, Toshkent viloyati rejaga nisbatan 40 million kub metr, Toshkent shahri 19 million, Samarqand 13 million, Xorazm 3,5 million kub metr gazni koʻp isteʼmol qilgan.
Elektr boʻyicha Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyati, Fargʻona va Toshkent shahrining birorta tumani tejash rejasini bajarmagan.
Energetika kompleksi rahbarlari bu ishlarni pastda tizimli tashkil qila olmayotgani koʻrsatib oʻtildi.