Energetika vazirligi "Elektromobillarni quvvatlantirish infratuzilmasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi loyihani jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.
Unga ko‘ra, 2030-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar elektromobillarni zaryadlash shoxobchalarida iste’mol qilingan 1 kVt/soat elektr energiyasining 300 so‘mdan oshgan qismini Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplash taklif etilmoqda.
"Agar II guruh iste’molchilari uchun tarif 1000 so‘m/kVt·soat darajasida qabul qilinsa, subsidiya miqdori 700 so‘m/kVt·soatni tashkil etadi. Shundan kelib chiqib, Davlat budjeti hisobidan qoplanadigan xarajatlar hajmi 2026-yilda (to‘liq yil hisobida) 246 mlrd so‘m, 2030-yilga borib esa 819 mlrd so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda," deyiladi tushuntirish xatida.
Shu bilan birga, subsidiyalash mexanizmi 2026-yil 1-maydan joriy etilishi ko‘zda tutilganligini inobatga olgan holda, 2026-yilda budjetning haqiqiy xarajatlari 8 oyga mutanosib ravishda hisoblab chiqiladi va taxminan 164 milliard so‘mni tashkil etadi.
Ushbu subsidiyalar jismoniy shaxslarning jami daromadiga kiritilmaydi. To‘lovlar soliq organlari tomonidan har oyda Soliq mobil ilovasi orqali fuqarolarning bank kartalariga amalga oshiriladi.
Joriy yilda elektr energiyasi qiymatining bir qismini qoplash xarajatlari ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha Davlat budjetining daromadlar qismini oshirib bajarish hisobidan moliyalashtiriladi. Keyingi yillarda tegishli mablag‘lar Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunlarda nazarda tutiladi.
Ushbu xarajatlar o‘rta muddatli istiqbolda elektromobillarni zaryadlash infratuzilmasidan foydalanishni rag‘batlantirish, transport sohasida energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va uglevodorod yoqilg‘isiga bo‘lgan talabni kamaytirish orqali ijobiy iqtisodiy samara berishi kutilmoqda.
Loyiha muhokamasi 17 mayga qadar davom etadi.