Taʼkidlanganidek, loyihada tadbirkorlik subyektlarini yana-da qoʻllab-quvvatlash, koronavirus pandemiyasining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish hamda aholi daromadalarini oshirishga qaratilgan normalar oʻz aksini topmoqda.

Qonun loyihasi bilan elektr dvigateli orqali harakatlanadigan avtomototransport vositalarini sotib olish va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirish uchun yigʻim toʻlashdan ozod etilishi nazarda tutilyapti.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi har bir shahar va tumanlarining oʻziga xos “oʻsish nuqtasi” deb aniqlangan faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik subyektlariga 2024-yil 1-yanvarga qadar foyda va suv soliqlari boʻyicha 50 foizlik imtiyoz berilmoqda. Tadbirkorlar berilgan imtiyozlardan oqilona foydalangan taqdirda soliqlardan iqtisod qilingan mablagʻ hisobidan faoliyatini yana-da kengaytirish imkoniyati yaratiladi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi, koronavirus pandemiyasi holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish hamda aholi daromadalarini koʻpaytirishga, aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-xuquqiy hujjatlarni tizimlashtirishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilindi.