Elektron hukumat raqamli arxitekturasi: modeldan to amalga oshirishgacha

    Toshkentda Estoniyaning yetakchi IT ekspertlari ishtirokida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining AKT mutaxassislari hamda axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari uchun “Estoniyaning elektron hukumat raqamli arxitekturasi – modeldan to amalga oshirishgacha” mavzusida oʻquv seminari boʻlib oʻtdi.

    Maʼlumot uchun: BMT tomonidan har ikki yilda eʼlon qilinadigan elektron hukumatni rivojlantirish reytingida Estoniya hozirda kunda dunyoda 3-oʻrinni egallab turibdi.

    Oʻquv seminari Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi hamda Estoniya Elektron boshqaruv akademiyasi (eGA) hamkorligida 2021-yilda imzolangan ikki tomonlama memorandum doirasida tashkil etildi.

    Tomonlar davlat xizmatchilarining elektron hukumat platformalarini hamda aholi va biznes uchun raqamli davlat xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha salohiyatini mustahkamlashda bir-biri bilan hamkorlik qiladi. Shuningdek, estoniyalik hamkorlar “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish va raqamlashtirish sohasidagi boshqa islohotlarni qoʻllab-quvvatlash uchun ekspert yordami hamda oʻz tajriba va bilimlari bilan boʻlishadilar.

    Oʻquv seminari davomida ishtirokchilar Estoniyaning raqamli transformatsiya va elektron hukumatni joriy etish tajribasi bilan tanishdilar. Xususan, estoniyalik ekspertlar X-Road maʼlumotlar almashish uchun namunaviy yechimdan foydalangan holda elektron hukumat arxitekturasini yaratish boʻyicha oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi, Shuningdek, uning ishlash tamoyillari, platformada bajariladigan operatsiyalar tafsilotlari, foydalanilgan komponentlar va protokollar haqida gapirib berishdi. X-Road tizimida axborot xavfsizligini taʼminlash uchun foydalaniladigan modellar va funksiyalar koʻrib chiqildi.