Ushbu muhim loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-fevraldagi “Koreya Respublikasining iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamgʻarmasi bilan moliyaviy hamkorlikda “Elektron hukumat tizimida maʼlumotlarni qayta ishlash markazini yaratish” investitsiya loyihasini amalga oshirishning ustuvor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilyapti.
Bu — Elektron hukumat faoliyati yoʻlidagi esda qolarli tarixiy voqea hisoblanadi. Yaʼni loyiha buyurtmachisi sanalgan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Hukumatimizning qoʻllab-quvvatlovi asosida ushbu masʼuliyatli vazifani Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markaziga ishonib topshirdi va uning ertangi taraqqiyotiga tamal toshini qoʻyib berdi, desak ham boʻladi.
Mazkur investitsiya loyihasining asosiy moliyalashtirish manbasi Koreya Eksimbankidir. Hukumatimiz va bank oʻrtasida 40 yilga, 10 yillik imtiyozli davri bilan, zayom (qarz) kelishuv bitimi imzolangan.
Hozirgi kunda loyiha doirasida xorijiy konsalting kompaniyasini aniqlash maqsadida tender eʼlon qilinib, ishtirokchilardan kelib tushgan takliflar oʻrganilmoqda.
Ushbu loyiha bizga nima beradi?
Maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi ishga tushirilsa, vazirlik va idoralar hamda davlat tashkilotlarida mavjud axborot tizimlarini yagona maʼlumotlar markazida saqlashga erishiladi. Demak, eng avvalo, maʼlumotlarning axborot xavfsizligi taʼminlanadi. Barcha jarayonlar malakali mutaxassislar tomonidan boshqariladi. Yangi infratuzilmani yaratish uchun davlat byudjetiga yuklama tushavermaydi.