“Elektron hukumat”ni rivojlantirish yoʻlidagi hamkorlikning yangi bosqichida

    Xalqaro hamkorlik 7 Dekabr 2021 2179

    Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatov boshchiligidagi delegatsiya Qozogʻiston Respublikasida xizmat safarida boʻldi. Xizmat safari doirasida AKT vazirligi delegatsiyasi va “Xolding Zerde” AJ vakillari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat” loyihalarini boshqarish markazi va Qozogʻiston Respublikasining “Xolding Zerde” kompaniyasi oʻrtasida elektron hukumat tizimini rivojlantirish va aholining raqamli transformatsiyasi boʻyicha hamkorlikni kengaytirish, shu bilan birga tajriba almashish maqsadida memorandum imzolandi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.

    2008-yilda tashkil etilgan “Xolding Zerde” AJ mamlakatni raqamlashtirishning asosiy harakatlantiruvchisi hisoblanadi. “Xolding Zerde” elektron hukumatni rivojlantirish bilan shugʻullanadi va davlat organlari uchun IT arxitekturasini yaratadi. Bugungi kunda kompaniya “Raqamli Qozogʻiston” davlat dasturini amalga oshirish boʻyicha tizimli ishlarni olib boradi. Shuningdek, IT -texnologiyalar bozorini rivojlantirish va ilgʻor loyihalarni amalga oshirish bilan shugʻullanadi.