Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- "E-auksion" elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom (keyingi o‘rinlarda - Nizom);
- "E-auksion" elektron savdo platformasiga integratsiya qilinadigan manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar ro‘yxati (keyingi o‘rinlarda - ro‘yxat).
Nizom Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi "Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi" DUK tomonidan "E-auksion" elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibini belgilaydi. Unda quyidagi normalar mavjud:
- elektron-auksion va tanlovni o‘tkazilmagan deb hisoblash va ularni takroriy o‘tkazish tartibi;
- hisob-kitob qilish va auksion hamda tanlov natijalarini rasmiylashtirish tartibi;
- ijro hujjatlari bo‘yicha obyektlarni elektron onlayn-auksionga chiqarish va sotishning o‘ziga xos xususiyatlari;
- yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdo platformasida sotishning o‘ziga xos xususiyatlari.
Ro‘yxatga 13 ta davlat hokimiyati organi kiritilgan. Ro‘yxatdagi izohda quyidagilar nazarda tutilgan:
- vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar tizimga Elektron Hukumatning idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog‘i orqali belgilangan tartibda ulanadi;
- tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro ma’lumot almashish xizmatlari bepul amalga oshiriladi;
- "Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi" DUK tomonidan zaruratga qarab boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro kelishuv asosida "E-auksion" elektron savdo platformasiga integratsiya qilinishi mumkin.
Qaror bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham kiritildi. Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13 yanvardan kuchga kirgan.