Elektron onlayn-auksionlar tartib-taomillarining yagona tartibi joriy etiladi

    Raqamlashtirish 26 Iyul 2021 1094

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektron onlayn-auksionni oʻtkazish tartibini soddalashtirish, uning shaffofligini oshirish hamda ishtirokchilar huquqlarining ishonchli himoyasini kafolatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (PQ–5197-son, 24.07.2021-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, 2021-yil 1-sentyabrdan “E-auksion” elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksionlar tartib-taomillarining yagona tartibi joriy etiladi.

    Bunda:

    - ishtirokchilarga, shu jumladan chet el fuqarolariga auksionda qatnashish uchun elektron raqamli imzo kaliti sertifikati masofadan turib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan bepul taqdim qilinadi;

    - obyektlarni auksionga chiqarish uchun toʻlanadigan yigʻim bekor qilinadi;

    - auksion oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabar u oʻtkaziladigan kundan 30 kun oldin eʼlon qilinadi;

    - xabar eʼlon qilingan paytdan boshlab auksion jarayoni yakuniga qadar ishtirokchilarga obyektni sotib olish boʻyicha auksion qadamiga bogʻlanmagan oʻz narx taklifini kiritish huquqi beriladi;

    - sotilgan obyektning qiymati BHMning 5 ming baravarigacha boʻlganda, toʻlovlarni 10 ish kuni, 5 ming baravariga teng yoki undan ortiq boʻlganda toʻlovlarni 15 ish kuni mobaynida toʻlash imkoniyati yaratiladi, qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno;

    - auksion gʻolibi toʻlovlarni toʻlashdan bosh tortgan taqdirda, gʻolib hamda uning toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsischilari auksionlardan chetlatiladi (toʻlovlarni toʻlamaslik holati birinchi marta sodir etilganda bir yil muddatga, ikkinchi marta takrorlansa muddatsiz davrga).

    - auksionga chiqarilgan obyektlarni sotishga va oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga faqat auksionda kamida ikkita ishtirokchi qatnashganda ruxsat beriladi.

    Mazkur tartib elektron savdo platformasi orqali sotilishi yoki ijaraga berilishi belgilangan barcha turdagi aktivlarga nisbatan tatbiq etiladi.