Elektron onlayn-auksionni o‘tkazish tartibini soddalashtirish, uning shaffofligini oshirish hamda ishtirokchilar huquqlarining ishonchli himoyasini kafolatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 24 Iyul 2021 9763

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksionni tashkil etish va o‘tkazish tartibini soddalashtirish hamda unifikatsiya qilish, jarayonlarning ochiqligi va shaffofligini oshirish, ishtirokchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish, shuningdek, aholining auksionda qatnashishi uchun qulayliklar yaratish maqsadida:

    1. 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab “E-auksion” elektron savdo platformasidagi (keyingi o‘rinlarda – elektron savdo platformasi) elektron onlayn-auksionlar tartib-taomillarining yagona tartibi joriy etilsin va unga muvofiq:

    ishtirokchilarga, shu jumladan, chet el fuqarolariga auksionda qatnashish uchun elektron raqamli imzo kaliti sertifikati masofadan turib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tomonidan bepul taqdim qilinadi;

    jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ob’ektlarni auksionga chiqarish uchun to‘lanadigan yig‘im bekor qilinadi;

    auksion o‘tkazish to‘g‘risidagi xabar u o‘tkaziladigan kundan 30 kun oldin e’lon qilinadi;

    auksion o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabar e’lon qilingan paytdan boshlab auksion jarayoni yakuniga qadar ishtirokchilarga ob’ektni sotib olish bo‘yicha auksion qadamiga bog‘lanmagan o‘z narx taklifini kiritish huquqi beriladi;

    sotilgan ob’ektning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravarigacha bo‘lganda, to‘lovlarni 10 ish kuni, besh ming baravariga teng yoki undan ortiq bo‘lganda to‘lovlarni 15 ish kuni mobaynida to‘lash imkoniyati yaratiladi, qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno;

    auksion g‘olibi to‘lovlarni to‘lashdan bosh tortgan taqdirda, g‘olib hamda uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sischilari hisoblangan shaxslar nohalol ishtirokchi sifatida elektron savdo platformasidagi auksionlardan chetlatiladi. Bunda, to‘lovlarni to‘lamaslik holati birinchi marta sodir etilganda bir yil muddatga, ikkinchi marta takrorlansa muddatsiz davrga auksionlardan chetlatiladi;

    auksionga chiqarilgan ob’ektlarni sotishga va oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga faqat auksionda kamida ikkita ishtirokchi qatnashganda ruxsat beriladi.

    Belgilansinki, mazkur tartib qonunchilik hujjatlari bilan elektron savdo platformasi orqali realizatsiya qilinishi yoki ijaraga berilishi belgilangan barcha turdagi aktivlarga nisbatan tatbiq etiladi.

    2. Elektron onlayn-auksion ishtirokchilari huquqlarining ishonchli himoyasini kafolatlash maqsadida, belgilansinki:

    2021 yil 1 oktyabrdan boshlab auksion natijalari bo‘yicha pul mablag‘lari Markazning maxsus hisob raqamida yig‘iladi va auksion g‘olibi tomonidan ob’ekt qabul qilinganligi tasdiqlangandan so‘ng, ular buyurtmachi hisob raqamiga o‘tkaziladi;

    ijro hujjatlari bo‘yicha avtomototransport vositalarini realizatsiya qilish uchun o‘tkazilgan elektron onlayn-auksion natijalari haqidagi bayonnoma uni taqiqdan yechish, shuningdek, auksion g‘olibi nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish (hisobga qo‘yish) uchun asos hisoblanadi. Bunda, majburiy tartibda undirish uchun yuborilmagan ma’muriy jarimalarni to‘lash majburiyati avtomototransport vositasining sobiq egasi zimmasida qoladi;

    elektron onlayn-auksionni tashkil etish va o‘tkazish tartibidan tashqari bo‘lgan tartib-taomillarga rioya qilinmaganligi uchun auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnomani bekor qilish yoki o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

    3. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligining quyidagilarni elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksion yo‘li bilan amalga oshirish haqidagi takliflari ma’qullansin:

    ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav fondining 50 foizi va undan ortig‘i 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslarning (keyingi o‘rinlarda – davlat ishtirokidagi korxonalar) ulushlari, ko‘chmas mulklari, avtomototransport vositalari hamda boshqa asosiy vositalarini realizatsiya qilish;

    davlat ishtirokidagi korxonalar ko‘chmas mulklari, avtomototransport vositalari hamda boshqa asosiy vositalarini ijaraga berish.

    Belgilansinki, davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan:

    ko‘chmas mulklarini ijaraga berishda, ularning davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalari, avtomototransport vositalarini ijaraga berishda jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalari miqdorida, boshqa asosiy vositalarini ijaraga berishda esa O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan amortizatsiyaning kamida yillik eng yuqori normasi summasi miqdorida boshlang‘ich narxi belgilanadi;

    ko‘chmas mulklari, avtomototransport vositalari hamda boshqa asosiy vositalarini ijaraga berish yoki ularni va ulushni realizatsiya qilish hamda elektron onlayn-auksion natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘zlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi.

    4. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Moliya vazirligi hamda davlat nomidan aksiyador (ta’sischi, mulkdor) vazifalarini amalga oshiruvchi boshqa vazirlik, idora va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda:

    bir oy muddatda davlat ishtirokidagi korxonalar boshqaruv organlari yig‘ilishlarida ularga tegishli bo‘lgan ulushlar, ko‘chmas mulklar, avtomototransport vositalari hamda boshqa asosiy vositalardan samarali foydalanish, shu jumladan, ularni realizatsiya qilish yoki ijaraga berish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlash tashabbusi bilan chiqsin;

    ikki oy muddatda davlat ishtirokidagi korxonalarning ulushlari ko‘chmas mulklari, avtomototransport vositalari hamda boshqa asosiy vositalari ularni realizatsiya qilish yoki ijaraga berish bo‘yicha elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksionga chiqarilishini boshlasin.

    5. 2022 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan avtomototransport vositalarini elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksion yo‘li bilan ijaraga berishda shartnomalarni notarial tasdiqlash talabi bekor qilinsin.

    Bunda, elektron onlayn-auksion natijasiga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega bo‘ladi.

    Adliya vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga avtomototransport vositalari elektron savdo platformasi orqali ijaraga berilganda, shartnomani notarial tartibda tasdiqlash talabini bekor qilish bo‘yicha tegishli o‘zgartirishlarni kiritsin.

    6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 26 avgustdagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini berish hamda arxitektura-qurilish ishlarini amalga oshirish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4427-son qarori bilan Davlat xizmatlari markazlarida jismoniy shaxslarga elektron onlayn-auksionda ishtirok etish imkoniyatini yaratish belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

    Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:

    Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida Markazning hududlardagi 3 nafardan vakillari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va ularning zimmasiga auksionga chiqarilayotgan ob’ektlar bo‘yicha reklama ishlarini tashkil etish, aholi orasida auksionni ommalashtirish hamda unga chiqarilayotgan ob’ektlar yuzasidan ma’lumotlarni sifatli tayyorlashga ko‘maklashish vazifasini yuklash;

    Markaz va uning hududlardagi vakillari ob’ektlarni reklama qilish uchun Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligiga tegishli uchuvchisiz uchish apparatlaridan belgilangan tartibda foydalanish;

    “E-ijro auksion” yagona elektron savdo maydonchasini “E-auksion” elektron savdo platformasi deb qayta nomlash haqidagi takliflari ma’qullansin.

    Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Markazning hududlardagi vakillari faoliyatini Davlat xizmatlari markazlarida yo‘lga qo‘yish va ularni zaruriy vositalar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.

    7. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:

    Markazning tashkiliy tuzilmasida Ichki audit va komplayens-nazorat xizmati tashkil etilishini hamda uning zimmasiga auksionlarni tashkil etish va o‘tkazishda korrupsiya alomatlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish, shuningdek, Markaz xodimlari orasida korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha profilaktik tadbirlarni amalga oshirish vazifasining yuklanishini;

    Markazning hududlardagi vakillarini saqlash xarajatlarini asoslangan hisob-kitoblariga ko‘ra Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi hisobidan qoplab borilishini ta’minlasin.

    8. Yer uchastkalarini elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksion yo‘li bilan realizatsiya qilish yoki ijaraga berish tartibini takomillashtirish maqsadida shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

    yer uchastkalarini auksionga investitsiya kiritish sharti bilan chiqarish tartibi bekor qilinadi;

    Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi yer uchastkalari bo‘yicha auksion o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabar e’lon qilingan paytdan boshlab barcha ishtirokchilarga mazkur yer uchastkalarini oldindan ko‘rish (ko‘zdan kechirish) imkoniyatini ta’minlaydi;

    yer uchastkasi bo‘yicha tegishli ma’lumotlar, shu jumladan, fotosuratlar, uning geolokatsiya va koordinatalari to‘liq ko‘rsatilmagan holda auksionga chiqarish uchun buyurtma taqdim etilganda, u kamchiliklarni bartaraf etish uchun qaytariladi.

    9. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:

    a) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Milliy teleradiokompaniya bilan birgalikda ikki hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi amaliy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin:

    respublika bo‘ylab barcha tuman va shaharlarda auksionni targ‘ib qilish bo‘yicha seminar va davra suhbatlarini tashkil etish;

    tele- va radiokanallarda har kuni auksionda ishtirok etish bo‘yicha video- va audiolavhalarni berib borish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda turkum ko‘rsatuvlar tayyorlash choralarini ko‘rish;

    2021 yil 1 avgustga qadar elektron savdo platformasida auksionda ishtirok etuvchilar soni, shuningdek, auksion jarayonini onlayn rejimda kuzatib borishni joriy etish;

    2021 yil 1 oktyabrga qadar elektron savdo platformasining demo versiyasini ishlab chiqish, uni maktab va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ommalashtirish;

    b) Markaz bilan birgalikda ikki oy muddatda axborot texnologiyalari sohasida yetarli tajribaga ega bo‘lgan tashkilotlarni jalb etgan holda, elektron savdo platformasining yangilangan dasturiy ta’minotini yaratish uchun texnik iqtisodiy asoslarni ishlab chiqib, tender savdolarini e’lon qilsin.

    Bunda, auksion natijalari bo‘yicha ishtirokchilarning o‘zaro hisob-kitoblar mexanizmini (kliring) yurituvchi axborot tizimini joriy qilish nazarda tutilsin;

    v) Markaz bilan birgalikda ob’ektlar, shu jumladan, yer uchastkalarini elektron onlayn-auksionda sotib olib, qisqa muddat davomida undan foydalanmagan holda ularning oldi-sotdisi bilan shug‘ullanayotgan yuridik va jismoniy shaxslarni tahlillar asosida aniqlab, savdolardan belgilangan tartibda chetlatish choralarini ko‘rib borsin.

    10. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, elektron savdo platformasida tashkil etiladigan elektron onlayn-auksionlar tartib-taomillarining yagona tartibini, shu jumladan, auksion natijalari bo‘yicha rasmiylashtiriladigan bayonnomaning namunaviy shaklini tasdiqlasin.

    Mazkur yagona tartibda ijro hujjatlari bo‘yicha ob’ektlarni elektron onlayn-auksionga chiqarish va realizatsiya qilishning o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olinsin.

    11. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va javobgar etib Bosh vazirning o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J.Ortiqov belgilansin.

    Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,
    2021 yil 24 iyul