“Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari ishga tushiriladi

    Prezidentning tegishli qaroriga koʻra, 2024-yil yakunigacha “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari amaliyotga joriy etiladi.

    Bu haqda Adliya vazirligi maʼlum qildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-311-son, Qaroriga muvofiq, davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish doirasida:

    — davlat tibbiy sugʻurtasining axborot tizimi ishlab chiqiladi hamda amaliyotga joriy qilinadi;

    — tibbiyot muassasasi rahbariga muassasaning quvvati doirasida boʻlinmalar ixtisoslashuvini, ulardagi davo oʻrinlari sonini oʻzgartirish hamda ajratilgan mablagʻlar doirasida xodimlar sonini ish hajmiga muvofiq belgilash vakolati beriladi;

    — tibbiyot muassasalari uchun tasdiqlangan shtat meʼyorlari tavsiyaviy tusga ega hisoblanadi hamda 2025-yil 1-iyuldan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq toʻlashning alohida tartibi hamda shartlari tatbiq etiladi;

    — koʻrsatilayotgan tibbiy yordamning tasdiqlangan standart hamda protokollarga muvofiqligi va sifati nazorat qilinadi.

    2025-yil 1-aprelgacha Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar davolanadigan kasalliklar roʻyxati hamda bazaviy narxlari kasalliklarni davolash yoʻnalishlari asosida barcha tibbiyot tashkilotlari uchun qayta tasdiqlanadi.