“Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama etildi

    Mamlakatimizda 29 Avgust 2022 1938

    Bugun, 29-avgustda boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi majlisida “Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama etildi.

    Unda qoʻmita aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Maʼlumki, “Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi Qonun 2003-yilda qabul qilingan boʻlib, bugungi kundagi yangilanishlar ushbu Qonunga qator oʻzgartirishlar kiritishga ehtiyoj mavjud ekanligini koʻrsatyapti. Shu munosabat bilan mazkur qonun yangi tahrirda ishlab chiqildi.

    Taʼkidlanganidek, Qonunning maqsadi elektron raqamli imzodan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Yangi tahrirdagi Qonun amaldagisi bilan bir qator yangi normalar bilan farqlanishi koʻzda tutilyapti.

    Xususan, elektron raqamli imzodan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilanyapti. Shuningdek, Hukumatning elektron raqamli imzodan foydalanish sohasidagi vakolatlari kiritilyapti.

    Qonunda amaldagi tahrirdan farqli ravishda bir qator normalarga, shu jumladan, elektron raqamli imzodan foydalanish sohasini davlat tomonidan tartibga solish, elektron raqamli imzolar kalitlarini roʻyxatga olish markazlarining faoliyati, elektron raqamli imzo kalitlarining sertifikatlari bilan bogʻliq qoidalarga tegishli boshqa tahririy oʻzgartirishlar ham kiritilyapti.

    Shuningdek, majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan boshqa masalalar ham muhokama etildi.

    Majlis soʻnggida koʻrilgan masalalar yuzasidan Qoʻmita qarorlari qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.