Savol: Bugungi kunda “Elektron retsept” tizimiga nechta tibbiyot tashkiloti va dorixona ulangan?
Javob: Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasiga qarashli jami 152 ta davlat tibbiyot tashkiloti va 1 496 ta dorixonaning barchasi toʻliq “Elektron retsept” tizimiga ulangan. Hozircha poytaxtdagi mavjud 1 945 ta xususiy tibbiyot tashkilotidan 796 tasi (41 foiz) ushbu tizimga integratsiya qilingan.
Tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta hududda (Asaka, Gʻijduvon, Gʻallaorol, Chortoq, Kitob, Xatirchi, Denov, Bulungʻur, Ishtixon, Shovot, Chimboy, Quva, Sirdaryo tumanlari hamda Yangiyoʻl, Samarqand shaharlari) jami 383 ta davlat tibbiyot tashkiloti va 1 319 ta dorixonaning barchasi, mavjud 858 ta xususiy tibbiyot tashkilotidan 547 tasi (64 foiz) ushbu tizimga ulangan.
Mazkur hududlardagi qolgan xususiy klinikalar esa retsept yozilmasligi, faoliyati toʻxtatilganligi kabi sabablar bilan tizimga ulanmagan.
Savol: Yangi tizim joriy qilingan hududlardagi tizimga ulanmagan xususiy klinikaga murojaat qilgan bemor retseptni qanday oladi?
Javob: Bu holatda bemorlar oʻzi biriktirilgan oilaviy poliklinika va oilaviy shifokorga yoki shoshilinch tibbiyot muassasalariga murojaat qilishlari mumkin.
Savol: Hozir retseptli dorilarning necha foizi elektron shaklda beriladi?
Javob: Bugungi kunda retseptli dorilarning 98,9 foizi elektron shaklda beriladi. 1,1 foizi, yaʼni alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar, tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar saqlovchi dori vositalari anʼanaviy shaklda (maxsus retsept blanka) beriladi.
Savol: Yangi tizim joriy qilingan hududlardagi hamma shifokorlar retsept yozish uchun zarur uskunalar bilan taʼminlanganmi? Tizimni ishga tushirishdan avval ularning taklif va tavsiyalari inobatga olinganmi?
Javob: Toshkent shahar va tajriba-sinov loyihasi joriy qilinayotgan 15 ta tuman (shahar)dagi davlat tibbiyot muassasalari retsept yozish uchun zarur boʻlgan 9 turdagi uskunalar — axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (monoblok, planshet, chek-printer va tarmoq qurilmalari) bilan taʼminlangan.
“Tibbiyot tashkilotlarida retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom tibbiyot muassasalari xodimlari takliflari asosida shifokorlardan iborat Ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan.
Savol: Retsept bilan sotiladigan dorilar roʻyxati qaysi mezonlar asosida shakllantirilgan?
Javob: Dori vositalarini retsept bilan yoki retseptsiz berilish tartibini belgilash ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish davrida aniqlanib, tegishli yoʻnalishdagi shifokor mutaxassislar tomonidan xulosalar rasmiylashtirib tasdiqlanadi.
Bunda:
original dori vositasining qanday tartibda berilishi tasdiqlanganligiga;
ushbu dori vositasi ishlab chiqaruvchi davlatning tegishli organi tomonidan qanday tartibda tibbiyot amaliyotida qoʻllashga ruxsat berilganligiga;
uning faol moddasining dozasi, dori shakli va qoʻllanish usuli hamda qadoqdagi soniga ham bogʻliq.
Shuni taʼkidlash joizki, faol moddalar, xususan, Paratsetamol, Ibuprofen saqlovchi kombinirlangan dorilar retsept bilan tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishi mumkin. Chunki ushbu dori moddalarining boshqa faol moddalar bilan kombinatsiyalari farmakologik xossalarini kuchaytirishi, nojoʻya taʼsirlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Masalan:
– Askorbin kislotasi tabletka va drajesi (dumaloq) retseptsiz, uning inyeksion dori shakli esa retsept bilan beriladi.
– Paratsetamol yoki Ibuprofen tabletkalari, yosh bolalar uchun ularni saqlagan suspenziyalar, siroplar, bel va boʻgʻimlardagi ogʻriqlarda ishlatiladagan surtmalar va gellar retseptsiz beriladigan dorilar qatoriga kiradi. Biroq 500 mg. dan ortiq Paratsetamol, Ibuprofen saqlovchi majmuaviy dorilar retsept bilan sotiladi.
Savol: Toshkent shahridagi ayrim dorixonalarda retseptsiz sotiladigan dorilarni xarid qilishning imkoni boʻlmayapti...
Javob: Bu notoʻgʻri. Chunki retseptsiz sotiladigan dorilar toifasiga shamollashga qarshi, isitmani tushirish, nazal spreylar, shamollash tufayli tanadagi ogʻriqlarni bartaraf etish uchun ichiladigan bir komponentli dorilar, yosh bolalar uchun Paratsetamol yoki Ibuprofen saqlagan suspenziyalar, siroplar, bel va boʻgʻimlardagi ogʻriqlarda ishlatiladagan surtmalar va gellar kiradi. Bundan tashqari, allergiyaga qarshi, ich ketishida va qabziyatda qoʻllaniladigan dorilar ham retseptsiz sotiladi.
Dorixonalardagi dorilarning retseptli yoki retseptsiz berilishi ularning qadogʻi va qoʻllash yoʻriqnomalarida koʻrsatilgan boʻlib, bu aholi va dorixona xodimlari uchun qulaylik yaratadi.
Toshkent shahri va 15 ta tajriba hududida joylashgan dorixonalarda joriy qilingan “Elektron retsept” tizimi doirasida vujudga kelayotgan murojaatlarni qabul qilish uchun @ssv_pilotbot telegram boti tashkil qilindi.
Savol: Dorixona xodimlari bilan “Elektron retsept”dan foydalanish boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilganmi?
Javob: Albatta, dorixonalarning 17 ming nafardan ortiq xodimlari “Elektron retsept” tizimi bilan ishlash boʻyicha oʻqitildi. Bundan tashqari, onlayn oʻquv kurslari tashkil etildi hamda videodarsliklar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi.
Savol: Surunkali kasalligi bor bemorlar bu jarayonda qanday yoʻl tutadi? Har gal oʻzlariga kerakli dorilar uchun qayta retsept oladimi?
Javob: Surunkali xastaligi bor bemorlarga ambulator sharoitda retsept yozilganda, anabolik faollikka ega ayrim dori vositalari istisno tariqasida 60 kunlik, baʼzi dori vositalari esa 90 kunlik davolash kursiga yetarli miqdorda belgilanishi koʻrsatilgan.
Shuningdek, bunday bemorlarga “Elektron retsept” boʻyicha kafolatlangan paketga kiritilgan dori vositalari dorixonalar tomonidan reimbursatsiya dasturi asosida bepul beriladi.
Savol: Shoshilinch holatda bemorga tibbiy yordam koʻrsatish zarur boʻlsa, kerakli dori vositalarini qanday oladi?
Javob: Bunday bemorlarga shoshilinch holatlarda tez tibbiy yordam xizmati tomonidan 67 turdagi, shoshilinch qabul boʻlimlari va oilaviy poliklinikalarda 34 turdagi asosiy dori vositalaridan foydalangan holda tibbiy yordam koʻrsatiladi.
Savol: Endi aholining tegishli dori vositalarini retseptsiz sotib ololmasligi hisobiga oilaviy poliklinikalar ish yuklamasi ortmaydimi?
Javob: Toshkent shahridagi 12 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinika va 71 ta oilaviy poliklinika hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman (shahar)dagi 177 ta 1-tip, 141 ta 2-tip oilaviy poliklinika va 32 ta 2-tip oilaviy poliklinika filiallariga ularning qatnov quvvatidan kelib chiqib, aholi biriktirilgan. Shu sababli mazkur tibbiyot muassasalarining bemorlarni qabul qilish hamda ularga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish uchun quvvati yetarli.Savol: Ayrim fuqarolar tizim “osilib” qolishi, uzoq yuklanishini aytmoqda. Chindam ham shundaymi?
Javob: Hozir tizim ishchi holatda. Agar internet tezligida nosozliklar kuzatilmasa, tizimdan muntazam foydalanish imkoniyati mavjud. Texnik mutaxassislar doimiy ravishda yuklamaga qarab, serverlarni optimizatsiya qilish ishlarini olib bormoqda.
Savol: Agar tizim ishlamay qolsa, shifokor nima qiladi?
Javob: Agar tizim muassasaning oʻzida (elektrdagi uzilish, tarmoqdagi uzilish) ishlamay qolsa, muqobil variant sifatida shifokorlar planshet vositasi orqali elektron retsept tayinlaydi.
Savol: Texnik nosozlik kuzatilgan hollarda bemorlarning dori vositalari bilan taʼminlanishi qanday amalga oshiriladi?
Javob: Bunday holatlarda bemor vaqtini tejaydigan qulay algoritm ishlab chiqilgan. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, shoshilinch holatlarda shifokorlar tomonidan joyida tibbiy yordam koʻrsatiladi (dorilar muassasa zaxirasidan beriladi). Elektron retseptlar esa asosan ambulator davolanish uchun moʻljallangan.
Savol: Tizimning ishlash koʻrsatkichlari, hodisalarga javob berish tartibi, shifokorlar va dorixonalar uchun yagona texnik yordam kanali mavjudmi?
Javob: Texnik koʻmak toʻliq tashkil etilgan. Tizimni monitoring qilish maqsadida vazirlikning Raqamli sogʻliqni saqlash markazi serverlar ishini 24/7 rejimida kuzatib bormoqda. Shuningdek, murojaatlarni qabul qilib, tezkor koʻrib chiqish uchun @ssv_pilotbot telegram boti ishlab turibdi.
Savol: Retsept yozdirish maqsadida keladigan bemorlar uchun alohida tezkor yoʻlak joriy etilganmi?
Javob: Alohida tezkor yoʻlak joriy etishga ehtiyoj yoʻq. Chunki surunkali kasalligi bor bemorlarga navbat asosida xizmat koʻrsatiladi. Shoshilinch holatdagi bemorlar uchun esa birinchi tibbiy yordam koʻrsatishga moʻljallangan dori vositalari barcha oilaviy poliklinikalarda mavjud.
Savol: Asosiy dori vositalari darajasiga qarab guruhlarga ajratilganmi?
Javob: Sogʻiqni saqlash vazirligining 2023-yil 21-avgustdagi 34-son buyrugʻiga koʻra, asosiy dori vositalari roʻyxati tasdiqlangan va ular 65 ta guruhga ajratilgan (3455-son 31.08.2023. Asosiy dori vositalari roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida).
Savol: Tizimdan foydalanish boʻyicha alohida yoʻriqnoma ishlab chiqilganmi?
Javob: Sogʻliqni saqlash vazirining 2025-yil 19-noyabrdagi 335-son buyrugʻi bilan barcha tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarida “Elektron retsept” modulidan foydalanish va ushbu modulga tegishli maʼlumotlarni uzatish yoʻriqnomasi tasdiqlanib, joylarga yetkazilgan. Bundan tashqari, “Elektron retsept” tizimi joriy qilinayotgan Toshkent shahri va tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman(shahar)dagi tibbiyot tashkilotlari xodimlariga oʻquv seminarlari orqali keng tushuntirilgan.








