Bu haqda tahlilchi Erkin Karimov dorixonalarda oʻtkazilgan tajriba loyihasi, Datfo Analytics maʼlumotlariga tayanib LinkedInʼda maʼlum qildi.
Eslatib oʻtamiz, 2025-yil 10-dekabrdan Toshkent shahri va respublikadagi yana 15 ta hududda DMED platformasida “Elektron retsept” pilot loyihasi ishga tushirildi. Ushbu tizim FOM GROUP mahsulotlari bilan integratsiya qilingan holda amalga oshirilmoqda.
Tahlilchining yozishicha, nazariy jihatdan bu savdolarning keskin pasayishiga olib kelishi mumkin edi: oʻrtacha dorixona kuniga 300 nafar mijozga xizmat koʻrsatadi, cheklarning 65 foizidan ortigʻi retseptur preparatlardan iborat, elektron retseptlar esa dastlab kuniga bor-yoʻgʻi 3–4 tani tashkil etgan.
Biroq Datfo Analytics maʼlumotlariga koʻra, 300 dan ortiq dorixonada 10-dekabrgacha va undan keyingi koʻrsatkichlar solishtirilganda, kutilgan “obval” kuzatilmadi.
Jumladan, odatda shifokor tayinlovisiz xarid qilinadigan:
- “Fanigan 100 tab.” (ogʻriq qoldiruvchi) — 11-dekabrga qadar oʻrtacha kuniga 45,8 tabletka sotilgan boʻlsa, elektron retseptlar joriy etilgandan keyin bu koʻrsatkich 54 tabletkaga yetgan.
Antibiotiklar boʻyicha:
- “Azimak 500 mg №3” — sotuv hajmi 2,3 tadan 2,6 tagacha oshgan (+13%);
- “Levomak 500 mg №5” — 1,52 tadan 1,50 taga tushgan, yaʼni deyarli oʻzgarishsiz qolgan.
Gormonal va hayotiy muhim preparatlarda ham barqarorlik saqlangan:
- “Insulatard 100 ME/ml, 10 ml” — 10-dekabrgacha kuniga 3,21 oʻram sotilgan, keyin esa 3,04 tani tashkil etgan. Qariyb 5 foizlik pasayish hayotiy muhim dori vositalariga boʻlgan talab formatdan qatʼi nazar saqlanishini koʻrsatadi.
Tahlillarga koʻra, dorixonalarda savdo toʻxtab qolishi kuzatilmagan. Hayotiy muhim preparatlar barqaror sotilmoqda, ogʻriq qoldiruvchi va antibiotiklar esa aholidagi xavotir va “zaxira uchun xarid” tufayli ayrim hollarda oshgan boʻlishi mumkin.
Mutaxassislar fikricha, asosiy xulosa elektron retsept tizimi ishlamagani emas, balki bozor hozircha avvalgi rejimda faoliyat yuritayotganidir. Tahlillar davom ettirilib, bozor ishtirokchilari uchun marketing strategiyalarini moslashtirish va shaffoflikni taʼminlash maqsadida natijalar eʼlon qilib boriladi.








