Sogʻliqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish boʻyicha bosh konsultanti, tibbiyot fanlari nomzodi Shuhrat Shukurov bu borada oʻz fikrlari bilan boʻlishdi:
— Statistik maʼlumotlarga koʻra, tamaki chekish orqali har yili dunyoda 8 million nafardan ortiq inson vafot etadi, — deydi Sh. Shukurov. — Tamaki tutunidagi zaharli moddalar salomatlikka salbiy taʼsir etib, nafas yoʻllarining shilliq qavati va qon tomirlar yalligʻlanishi, sklerotik oʻzgarishlar hamda xavfli oʻsmalar paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Qolaversa, chekishning oʻpkaga zararli taʼsiri – oʻz isbotini topgan haqiqat.
Bugungi kunda organizmga zararsiz, deya aytilayotgan elektron sigaretalar (veyplar) aksincha salomatlik uchun oʻta xavfli mahsulot boʻlib, inson tanasida turli jiddiy kasalliklarni keltirib chiqaradi. Yaʼni, elektron sigaretani chekish jarayonida nikotin, xushboʻy hid taratuvchi, shirin taʼm beruvchi va boshqa kimyoviy moddalar organizmga zararli taʼsir etadi.
Qolaversa, elektron sigaretani (veyp) chekish xuddi odatiy sigaretalar kabi oʻpka, yurak qon-tomir tizimi kasalliklariga, immunitet sustlashishiga sabab boʻladi.
Ayniqsa, bu mahsulot markaziy asab tizimiga salbiy taʼsir etib, chekuvchida qaramlikni keltirib chiqaradi.
Bundan tashqari, shifokorlar COVID-19 infeksiyasi nafas olish, immunitet va yurak-tomir tizimlari funksiyasi buzilgan insonlarda ogʻir kechishini inobatga olib, bunday bemorlarni elektron sigaretalardan foydalanmasliklarini maslahat beradi.
Chunki undagi aerozol taʼsiri oʻpka toʻqimasining turli hujayralariga, shu jumladan, sogʻlom oʻpkaning normal funksiyasini himoya qiladigan hujayralarga salbiy taʼsir etadi.
Shuningdek, aerozol oʻpkadagi baʼzi bir immunitet hujayralarini nobud qilib, uning infeksiya bilan kurashish qobiliyatini pasaytiradi.
Shuningdek, veyplar nafaqat chekuvchi, balki atrofidagilar salomatligini ham jiddiy xavf ostiga qoʻyadi. Yaʼni, ikkilamchi tutun tarkibidagi nikotin chekadiganlarga nisbatan atrofdagilar sogʻligʻiga koʻproq zarar yetkazadi.
Maʼlumki, oʻsmirlik davri miya rivojlanishi uchun kritik davr hisoblanib, elektron sigareta chekadigan bolalar va oʻsmirlarda miya rivojlanishining buzilishi, xotira va bilim olish qobiliyatining pasayishi hamda tahlikali nevrozlar kuzatiladi. Homilador ayollarda esa nikotin homila miyasiga ana shunday taʼsir koʻrsatadi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2019-2020-yillarda (2020-yil 18-fevralga qadar) AQSHda elektron sigaretalarni chekish oqibatida jami 2 807 nafar kishi kasalxonaga yotqizilgan va oʻlim holatlari ham qayd etilgan. Shuningdek, 29 ta shtat va Kolumbiya okrugida 68 ta oʻlim tasdiqlangan.
Shu bois, bugungi kunda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti dunyo mamlakatlarini elektron sigaretalar tarqatilishini keskin cheklash choralarini joriy etishga chaqiradi.
Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.









