Elektron sigaretalarni oʻtkazganlik uchun javobgarlik belgilandi

    Qonun (OʻRQ–1098-son, 27.11.2025-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritildi.

    Qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra:

    • Oʻzbekistonda muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlari, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari, shu jumladan elektron sigaretalarni tayyorlash, olish, saqlash, tashish oʻtkazish, ishlab chiqarish Oʻzbekistonga olib kirish yoki undan olib chiqish – ancha miqdorda yoxud shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, – BHMning 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2-yildan 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3-yildan 5-yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3-yildan 5-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

    Bunda ushbu harakatlarni sodir etgan shaxs aybini boʻyniga olish toʻgʻrisida hokimiyat organlariga arz qilgan va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni topshirgan taqdirda, javobgarlikdan ozod qilinadi.

    Bundan tashqari “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Qonunda elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarning aylanishiga doir taqiq belgilandi.