Elektron turdagi sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

    2022-yil 5-dekabrda Vazirlar Mahkamasining “Elektron turdagi sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

    Unga asosan, barcha sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta polislari Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasi bilan birgalikda yuritadigan yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yxatga olinishi yo‘lga qo‘yiladi hamda Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish va boshqaruv tizimini takomillashtirish amalga oshiriladi.

    Shuningdek, endilikda:

    - sug‘urtaning barcha turlarini (klasslarini) elektron shaklda sotish, rasmiylashtirish, ro‘yxatga olish va sug‘urtalovchi va sug‘urta qildiruvchi mijozlar o‘rtasida inson omilisiz maʼlumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.

    - 2022-yil 31-dekabrga qadar tegishli vazirlik va manfaatdor idoralar bilan birgalikda barcha sug‘urta polislarini ro‘yxatga oluvchi va ularning aylanmasini nazorat qiluvchi yagona axborot tizimi joriy qilinadi hamda bu tizimning barcha sug‘urta tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashuvi amalga oshiriladi.

    - 2023-yil 1-martga qadar ichki ishlar organi xodimlarining ishtirokisiz rasmiylashtirilgan yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnoma (Yevroprotokol)ni onlayn tarzda to‘ldirishga va ko‘rib chiqilishini amalga oshirishga mo‘ljallangan yagona mobil ilova ishga tushiriladi.

    - 2023-yil 1-iyulga qadar yagona mobil ilova orqali boshqa majburiy va ixtiyoriy sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta daʼvolariga oid arizalar onlayn tarzda yuborilishi hamda ko‘rib chiqilishi amaliyotga joriy etiladi.

    - bir oy muddatda Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi tegishli “Call-markaz” xizmati tashkil etiladi.

    - 2023-yil 1-iyulga qadar ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rgangan holda “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.