Elektron yoʻllanma berish va taqsimlash tizimi ham tubdan oʻzgaradi

    Bu yil elektron yoʻllanma asosida davolashga byudjetdan 1,1 trillion soʻm ajratilmoqda.

    Mutasaddilarga hududlarga ajratiladigan mablagʻlar ulushini 14 foizdan 30 foizgacha oshirish topshirildi. Oʻtgan yili hududlarga 100 milliard soʻm berilgan boʻlsa, bu yil ushbu mablagʻ 350 milliard soʻm boʻladi.

    Elektron yoʻllanma berish va taqsimlash tizimi ham tubdan oʻzgaradi. Yoʻllanmaga kiritilgan kasalliklarni davolash xizmatlariga yagona bazaviy narx tasdiqlanadi. Endilikda bemorga respublika darajasida davolanish uchun berilgan yoʻllanma yagona elektron platformaga joylashtiriladi.

    Platformada respublika markazi, boshqa viloyatdagi davlat va xususiy klinikalar ishtirok etadi. Yaʼni, yoʻllanma uchun tanlov boʻlib, shifoxonalar bemorni qachon qabul qilishi, qanday davolashi, kerak boʻlsa, shifokorini hududga yuborib, muolajani oʻsha yerda qilishi boʻyicha eng maqbul taklifini beradi. Ushbu takliflar asosida bemor oʻziga eng qulay shifoxonani tanlaydi.

    «Shunda respublika markazlari va hududiy shifoxonalar oʻrtasida erkin raqobat boʻladi», — dedi Prezident.

    Umuman, tibbiy sugʻurta tizimi faoliyatini tubdan takomillashtirish boʻyicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.